Bu yil koʻplab oʻzbekistonlik “Prezident hojilari” degan ulkan sharaf bilan haj amallarini ado etish baxtiga muyassar boʻlgani ushbu xayrli ishlarning yuksak ifodasidir. Ular orasida men ham borligimdan juda mamnunman.
Muborak haj
ziyorati bir umrlik orzum edi. Koʻp yillar davomida yurtimiz farovonligi,
mahalla tinchligi va aholi osoyishtaligi yoʻlida mehnat qildim. Mahalla raisi
sifatida faoliyat yuritgan yillarim odamlarning dardi bilan yashab,
muammolarini hal etishga koʻmaklashdik. Yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash,
oilalar oʻrtasida ahillik muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga yordam
berish kabi xayrli ishlar doimo eʼtiborimiz markazida boʻldi.
Mehnatlarimiz Prezidentimiz
tomonidan eʼtirof etilganidan oilamiz aʼzolari, yaqinlarim va mahalladoshlarim
ham juda xursand boʻldi. Kutilmaganda quvonchli xabar keldi. Viloyat hokimligi
mutasaddilari kelib, yoʻllanmani topshirib, tabrikladi.
Haj ziyoratiga izzat-hurmat bilan kuzatildik. Undan oldin Islom sivilizatsiyasi markaziga ham ekskursiyaga
bordik. Prezidentimiz tashabbusi bilan yangidan ochilgan maskan bebaho durdona
ekaniga amin boʻldik. Haj ziyoratiga kuzatish va xayrlashuv marosimlari
hayotimizning eng quvonchli damlari sifatida yodimizda qoldi. Saudiya
Arabistonida ham juda iliq kutib olindik. Bizga zarur barcha sharoit yaratib
berildi. Bu ham Oʻzbekistonimizning xalqaro maydonda obroʻsi va hurmati baland
ekanligini his qildik.
Oramizda turli
sohada fidoyilik koʻrsatgan insonlar bor edi. Ushbu jihat ham yurtimizda hech
bir kishining mehnati ragʻbatsiz va eʼtibordan chetda qolmasligidan dalolat.
Ziyoratda
mamlakatimizdagi tinchlik bardavom, aholi turmushi yanada farovon boʻlishini
soʻrab duo qildik. Shunday kunlar uchun shukronalar aytdik. Bundan buyon ham
xalqimizning ishonchini oqlab, mahallalarda tinchlik-totuvlik va ahillikni
taʼminlash, yoshlarga toʻgʻri taʼlim-tarbiya berish, ehtiyojmand oilalarga
koʻmaklashishga hissamizni qoʻshib yashaymiz.
Azamat MAVLONOV
Xatirchi tumani