Ezgu niyat yoʻlidagi qutlugʻ qadamlar

    Namanganda yangi 11 ta ixtisoslashtirilgan maktab 4 ming 600 nafardan ziyod bilimdon oʻquvchi bilan toʻliq faoliyatini boshladi.

    Har birimiz Yangi Oʻzbekistonni bunyod etayotgan ijodkor va qudratli xalqimiz safida faol harakatdamiz. 2022-2023 oʻquv yilini muvaffaqiyatli boshladik. Ayniqsa, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ishlarning masʼuliyati va qamrovi yanada ortgan. Chunki yangi davrning yangi oʻquv maskanlari pedagogik jamoalari zimmasidagi vazifalar gʻoyat muhim.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.

    Yuqoridagi soʻzlar bundan qariyb ikki yil muqaddam aytilgan boʻlsa-da, oradan oʻtgan qisqa vaqt ichida bu borada dadil qadamlar tashlanmoqda. Avvalroq, yaʼni 2017-yildan barcha viloyatlarda bittadan iqtidorli bolalarni bagʻriga olgan ijod maktablari ochilgandi.

    Soʻngra birin-ketin ular yoniga Prezident maktablari qoʻshildi. Maʼlumki, 2022-yil 14-aprelda davlatimiz rahbarining “Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida”gi 106-sonli farmoni eʼlon qilindi.

    Maqsad ixtisoslashgan maktablar tashkil etishga yagona yondoshuvni shakllantirish, mazkur maktablar tarmogʻini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda taʼlim jarayoniga malakali pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirishdan iborat edi.

    Farmonga muvofiq viloyatimizda 10 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 1 ta maktab-internat 4 ming 600 nafardan ziyod oʻquvchi bilan faoliyatga kirishdi. Ularda faoliyat yuritadigan 429 nafar pedagoglar uch bosqichli tanlov asosida saralab olindi. Yangi oʻquv yilidagi yangi muassasalarda tashkiliy ishlar qizgʻin davom etmoqda.

    Shu yoʻnalishdagi rejalarni amaliy natijaga aylantirish uchun viloyat, shahar va tuman hokimliklari tomonidan yetarlicha koʻmak berilmoqda. Yaʼni binolar bilan taʼminlash hamda ularni taʼmirlash, jihozlash doimiy diqqat-eʼtibordagi masala. Taʼkidlash joiz, 11 ta ixtisoslashtirilgan maktab eshiklarini oʻqituvchi va oʻquvchilarga keng ochib qoʻyildi. Oktyabr oyi yakunigacha qolganlarida ham taʼlim-tarbiya jarayonlariga toʻliq oʻtiladi.

    Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Xoʻsh, ixtisoslashtirilgan maktablarning oddiy umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan qanday afzallik jihatlari bor? Bunga viloyatda birinchilardan boʻlib faoliyatga kirishgan Uchqoʻrgʻon tumanidagi bilim dargohimiz misolida javob qaytarishimiz kifoya, deb oʻylaymiz.

    Uch qavatli binoda 336 nafar oʻgʻil-qiz fan asoslarini oʻzlashtirmoqda. Yuksak talablar doirasida jihozlangan oʻquv xonalaridan tashqari oshxona, alohida laboratoriya, sport hamda tadbirlar zaligacha jamoa ixtiyorida. Muassasamiz aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan. Matematika, fizika, informatika, ingliz tili va Oʻzbekiston tarixi fanlaridan chuqurlashtirilgan dasturda mashgʻulotlar olib boriladi.

    Bu yerda oʻqiyotgan bilimdon bolalar 2 ming nafardan ziyod oʻquvchilar orasidan saralangan. Kitobga boy kutubxonada faqat bosma emas, elektron darslik va qoʻllanmalarning nusxalarigacha mavjud. Dars jarayonlari xalqaro ekspertlar yaratgan oʻquv-uslubiy adabiyotlar asosida yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Agentligimiz tizimiga qarashli Ibrat nomidagi ijod maktabi va Prezident maktabi bitiruvchilari ayni paytga qadar nafaqat mamlakat, balki xalqaro reytinglarda, koʻrik-tanlovlarda yuqori koʻrsatkichlarni qoʻlga kiritishayotgani faxrli, albatta. Ular IELTS CEFR, TESOL sertifikatlari sohibi sifatida Oʻzbekistonning va dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishyapti.

    Xususan, xorijiy davlat OTMlari granti egalari safi tobora oshayayotgani ularga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklarning quvonchli samaralaridir. Ishonchimiz komilki, ezgu niyatli yoshlarimiz Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun bor bilim va kuch-quvvatini ayamay sarflaydigan, Uchinchi Renessans poydevorini qurishga doimo faol hissa qoʻshadigan Vatanning munosib farzandlari boʻlib kamol topishadi.

    Oybek ZOKIROV,
    Prezident taʼlim muassasalari agentligi
    Namangan viloyat hududiy boʻlimi boshligʻi