Falsafa bo'yicha ilk innovatsion loyiha

    Loyihada ko'zda tutilgan muammoni hal etish orqali milliy va diniy qadriyatlarni o'rganish metodologiyasi tarixiy-falsafiy, ilmiy an'analar asosida yaratiladi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi eʼlon qilgan “Olima ayollar grantlari” tanlovida Oʻzbekiston Milliy universiteti yosh olimalari jamoasining “Oʻzbek xalqi diniy va milliy qadriyatlari kompleksining elektron-transditsiplinar platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihasi barcha bosqichlarda ijobiy baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etildi. Bu falsafa fani boʻyicha loyiha tanlovlari tizimidagi ilk loyiha hisoblanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasining 2017–2021-yillar uchun milliy taraqqiyot dasturi sifatida eʼlon qilingan Harakatlar strategiyasi yangi qiyofadagi global dunyoga integratsiyalashayotgan Oʻzbekistonning kelajakda ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va maʼnaviy jihatdan yaxlit davlat sifatida qoʻyadigan qadamini aniqlab berdi. Xususan, hozirgi kundagi vazifalardan biri ilm-fan, madaniyat, taʼlim va iqtisodiyot boʻyicha dunyoning eng rivojlangan davlatlari bilan tenglar ichida teng taraqqiy etishdir.

    Ushbu taraqqiyot nafaqat zamonaviy bilmlarni egallashni, balki noyob milliy, diniy qadriyatlarni saqlab qolish, ularni kelajak avlodlarga yetkazishni ham taqozo etadi. Chunki globallashuv chaqiriqlari insoniyat borligʻining kibertexnologiya sababli virtual makon taʼsirida diniy, milliy, gender va oilaviy qadriyatlar oʻzgarib ketishiga, oʻz-oʻzini anglashning tashqaridan taʼsir orqali kiritilgan modellari paydo boʻlishiga olib kelmoqda. Bu esa yagona vatan, davlat, milliy taraqqiyot hududida rangli inqiloblar, kosmopolitizm, islom dinini oʻziga niqob qilib olgan noanʼanaviy diniy oqimlarning vujudga kelishiga sabab boʻlmoqda.

    Dunyo miqyosidagi globallashuv jarayoni, aholi migratsiyasining kuchayishi, iqtisodiy tangliklar, ayrim hududlardagi notinchliklar diniy va milliy qadriyatlarga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Xususan, oila va gender munosabatlari, ularning milliy va diniy oʻziga xos xususiyatlari, taʼlim, anʼanaviy tarbiya va inson shaxsining shakllanishiga taʼsir koʻrsatuvchi omillar fuqarolar, xususan, yoshlarning ratsional tafakkuri hamda jamiyatdagi fan va yaratuvchilik qadriyatlariga munosabatiga ham bogʻliq. Asrlarboʻyi anʼanaviy hayot tarzi taʼsirida shakllangan irratsional tafakkur bugungi kunda jamiyatimiz kishilari, xususan, yoshlar tafakkurida ham yetakchi. Shu bois, xalqimizning diniy va milliy qadriyatlari zamiridagi bunyodkorlik, ilm-maʼrifatga intilish, kreativlik kabi sifatlarni tizimli ravishda rivojlantirish va ularning targʻibot usuli metodologiyasi va amaliyotini ishlab chiqish dolzarb vazifadir. Bu muammoni hal etish bevosita ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy sohani rivojlantiradi. Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining toʻrtinchi bandidan oʻrin olgan ijtimoiy soha, ayniqsa, taʼlim va fan sohalarini rivojlantirish masalalari shu muammoning kelajakdagi yechimi bilan chambarchas bogʻliq.

    Yurtimiz Fanlar akademiyasi tizimida yuz bergan davriy oʻzgarishlar, oliy taʼlimdagi islohotlar ijtimoiy fanlar, falsafa, tarix, dinshunoslik sohalarining zamonaviy paradigmalar bilan boyishiga, lekin shu bilan birga avlodlar, fanlar oʻrtasidagi vorisiylikning baʼzi tamoyillari uzilishiga olib keldi. Tarixiy xotira, milliy davlatchilikning ijtimoiy-gumanitar fan bilan bogʻliq nazariy asoslari, milliy hamda diniy qadriyatlarni targʻib qilish metodologiyasi boʻyicha milliy model konsepsiyasi va tamoyillarida hali yoʻlga qoʻyilishi, hal qilinishi kerak boʻlgan masalalar borligi maʼlum boʻlyapti.

    Yuqoridagi asosdan kelib chiqqan holda mazkur loyiha oʻzbek xalqi diniy va milliy qadriyatlari majmuining elektron-transditsiplinar platformasini yaratishni maqsad qilib qoʻyadi. Loyiha yakunida “Oʻzbek xalqi diniy va milliy qadriyatlari” elektron veb-sayti ishga tushiriladi.

    Veb-saytda milliy va diniy qadriyatlarimizni oʻrganishning tarixiy-falsafiy, ilmiy anʼanalari, milliy va diniy merosimizda oila va gender, taʼlim va inson tarbiyasiga oid qadriyatlari tahlili oʻrin oladi.

    Mazkur portal faoliyati dinshunoslik, tarix, falsafa va boshqa gumanitar fanlarga doir ilmiy ishlarni keng omma, xususan, yoshlar auditoriyasida targʻib qilish, ularda tahliliy, mantiqiy, kreativ tafakkurni shakllantirish, oʻzbek xalqining diniy va milliy qadriyatlari asoslari, anʼanaviy shakllanish yoʻli, tarixi, vatanga mehr, eʼtibor, masʼuliyat va vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishga qaratiladi. Oʻzbek, rus va ingliz tillarida ish yuritadi.

    Loyihada koʻzda tutilgan muammoni hal etish orqali milliy va diniy qadriyatlarni oʻrganish metodologiyasi tarixiy-falsafiy, ilmiy anʼanalar asosida yaratiladi. U ijtimoiy, madaniy, maishiy, siyosiy, davlatchilik anʼanalarini qamrab oladi. Milliy va diniy qadriyatlarni anʼanaviy oʻqitish usullarida koʻzda tutilmagan metodlar asosida yoshlar ongiga singdirish usullari ishlab chiqiladi. Oila va gender munosabatlarining milliy va diniy oʻziga xos xususiyatlari, taʼlim, anʼanaviy tarbiya va inson menini shakllanishiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillar tarix, falsafa, sotsiologiya fanlari doirasida ochib beriladi. Ishlab chiqilgan metod hamda usullar yoshlarni tarbiyalashga, milliy mentalitet va zamonaviy shaxs konsepsiyasini ishlab chiqishga asos boʻladi. Shuningdek, diniy va milliy qadriyatlarga oid tadqiqotlarning yangi ilmiy paradigmasi innovatsion-elektron portal koʻrinishida tarmoqlar doirasida yaratilib, u yoshlarda milliy va diniy qadriyatlarga asoslangan koʻnikmalarni rivojlanishiga xizmat qiladi.

    Shahnoza MADAYEVA,

    falsafa fanlari doktori, professor

    Dildora YUSUPOVA,

    falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori