Qarorga koʻra, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi (Markaz) tashkil etiladi.
Qobiliyatli hamda fanlarni chuqur oʻrganishga qiziqadigan yoshlarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi iqtidorni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish Markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.
2025-yildan Markaz tomonidan:
- 5–8-sinf oʻquvchilari oʻrtasida olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli oʻquvchilar bazasi shakllantiriladi va ularni xalqaro olimpiadalarga maqsadli tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;
- har bir fan yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalar, qoʻllanmalar va jurnallar yaratilib boriladi;
- oʻquvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlovchi trener-oʻqituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi, ularga yangi metodikalar oʻrgatib boriladi;
- fan olimpiadalari boʻyicha milliy terma jamoalarning xorijiy davlatlar terma jamoalari bilan qoʻshma yigʻinlar oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
- oʻquvchilar uchun xalqaro olimpiadalarda ruhiy bosimni yengish boʻyicha seminarlar hamda motivatsion treninglar tashkil qilinadi;
- iqtidorli yoshlar uchun “intellektual oromgohlar” tashkil etiladi.