баннер
12 Mar 2025
04:39

    Fan tarixi sohasi ogʻir judolikka uchradi

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Galina Pavlovna Matviyevskaya 95 yoshida Orenburg shahridagi uyida vafot etdi.

    Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Galina Matviyevskaya 1930-yilda Dnepropetrovsk (hozir Ukraina Respublikasining Dnepr shahri)da tugʻilgan. 1954-yilda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) universitetining matematika mexanika fakultetini tamomlagan, 1959-yilda SSSR Fanlar akademiyasi (hozirgi Tabiatshunoslik va Rossiya texnika Fanlar tarixi akademiyasi)ning institutida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Oʻsha yili u Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutiga oʻrta asrlar Sharqidagi fanlar tarixi boʻyicha tadqiqotlarni kuchaytirish uchun taklif qilingan. 1968-yilda u doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan (ilmiy maslahatchisi — akademik S. X. Sirojiddinov). U Boris Rozenfeld bilan birgalikda jahon fondlarida saqlanayotgan arab tilidagi matematika va astronomiyaga oid qoʻlyozmalar katalogini tuzgan, shogirdlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi matematik qoʻlyozmalarining tavsifini amalga oshirgan.

    Matviyevskaya Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Shamsiddin Samarqandiy va Mirzo Ulugʻbek, Samarqandda faoliyat olib borgan Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy va boshqa olimlarining ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilish, shuningdek, ilm-fan tarixi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashdagi xizmatlari uchun Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1974), “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni (1980) bilan taqdirlangan. U Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (1984), soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi (2000) etib saylangan.

    Olima lotin, ingliz, nemis, fransuz va arab tillarini bilgan. U YUNESKO tomonidan tabiiy fanlar tarixi boʻyicha yirik mutaxassis sifatida tan olingan va Xalqaro fanlar tarixi akademiyasining (Parij) haqiqiy aʼzosi etib saylangan. Matviyevskaya al Xorazmiy, Dekart, Beruniy, Ulugʻbek, V. I. Romanovskiy, Abdurrahmon as-Soʻfiy haqida kitoblar nashr ettirgan, sharqshunoslik sohasiga ilmiy toʻplamlar tuzuvchisi va bosh muharriri boʻlgan. Shuningdek, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning 1200-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan yubiley (1983) tadbirlarini oʻtkazishda faol ishtirok etgan.

    Oʻzbekistonda sharqshunoslik fanining rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli olim Galina Pavlovna Matviyevskayaning yorqin xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi jamoasi nomidan marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deyiladi OʻzR FAning taʼziya xabarida.


    Telegram kanalimiz
    Text to speech