Fanlar akademiyasiga tegishli boʻlgan sayt hakerlik hujumiga uchradi

    Voqea-hodisalar 23 Noyabr 2020 1584

    Fanlar akademiyasiga tegishli boʻlgan veb-saytga hakerlik hujumi amalga oshirildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, hakerlik hujumi uyushtirilgan veb-sayt OʻzR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti veb-sayti boʻlib, mazkur holat Institut masʼul xodimlari tomonidan bartaraf etildi.

    “Fanlar akademiyasi tomonidan ilmiy-tadqiqot muassasasining veb-saytini takomillashtirish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar belgilandi. Saytga qoʻyilgan bank plastik karta egasi aniqlandi”, - deyiladi maʼlumotda.

    Eslatilishicha, kiberjinoyat uchun javobgarlik belgilangan.

    Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlar va ularga nisbatan javobgarlik koʻzda tutilgan.

    Kodeksning 278-5-moddasiga koʻra, oʻzganing kompyuter uskunasini qasddan ishdan chiqarish, xuddi shuningdek, kompyuter tizimini buzish (kompyuter sabotaji):

    3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, 66 mln 900 ming soʻmdan 89 mln 200 ming soʻmgacha miqdorda jarima;

    2 yilgacha ozodlikni cheklash;

    2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.