BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilayotgan “Baliqchilik tarmog'ini milliy sharhi va akvakul`tura tarmog'ining strategiyasi hamda baliq mahsulotlarida qo'shimcha qiymat zanjiri” loyihasini yo'lga qo'ygan edi. Mazkur loyiha doirasida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining baliq kasalliklarini tahlil qilishga mo'ljallangan “Ixtiopatologiya” laboratoriyasi tashkil etilib, jihozlash ishlari amalga oshirildi.
Xalqaro grant mablag'lari hisobiga laboratoriyaga o'rnatilgan zamonaviy asbob-uskunalar orasida suvning gidrokimyoviy tarkibini aniqlash bo'yicha zamonaviy moslamalar (termoksimetr), baliqlar qon tarkibidagi gemoglobin miqdorini aniqlovchi uskunalar, raqamli mikroskoplar, gistologik kesmalarni tayyorlashda foydalaniladigan anjomlar ham bor.
Ular institut olimlari tomonidan o'tkaziladigan baliq kasalliklariga doir tadqiqotlar, jumladan, teri, suzgichlar, og'iz bo'shlig'i, oyquloqlar, ko'zlar, qorin bo'shlig'i to'laqonli ilmiy diagnostika ishlarini tashkil etish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, baliqlarni oziqlantirishda probiotiklarni o'rni, selektsiya va naslchilik bo'yicha amaliy izlanishlarni bajarish, xorijiy grantlarni jalb etish orqali ilmiy izlanishlarni kengaytirish hamda dunyoning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni jadallashtirish maqsadida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Belarus Respublikasining Baliqchilik xo'jaligi instituti bilan o'zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi. Mazkur shartnomaga asosan Institutlar hamkorlikda xalqaro ilmiy loyihalar tanlovlarida ishtrok etib boradi va sohada malakali ixtiopatolog olimlarni tayyorlash ishlari tashkil etiladi.
FAOning "Akvakultura sektori va baliq qiymat zanjiri bo'yicha Milliy tadqiqot va strategiyasi" texnik hamkorlik dasturining maqsadi mavjud muammolarni aniqlash, shuningdek, baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish ko'lamini oshirish, ishlab chiqaruvchidan iste'molchiga qadar baliq mahsulotlari qiymat zanjiri bo'ylab akvakultura sohasini tahlil qilishdan iborat. Loyiha doirasida xorijiy ilg'or tajribalar asosida va FAO ekspertlari ishtirokida Akvakulturani rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqiladi. Loyihani amalga oshirish akvakul`tura sohasida yuqori samaradorlikka erishishni ta'minlashi, bu esa o'z navbatida, shu soha bilan shug'ullanuvchi fermerlarning turmush darajasini yaxshilashga, shuningdek, O'zbekiston aholisini sog'lom va foydali oziq-ovqat bilan ta'minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.