Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning “Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik ko'rsatkichlar orqali mustahkamlash” loyihasi bo'yicha kirish seminari bo'lib o'tdi. Tadbirda ishtirok etgan milliy va xalqaro ekspertlar loyihaning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida ma'lumot berishdi.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 250 ming dollarni tashkil qiladi. U O'zbekistonda Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va alohida mahsulotlar uchun  geografik ko'rsatkichlar amaliyotini joriy qilish, samarali marketing strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, eksport salohiyatini oshirish va qiymat zanjirini yaxshilash uchun geografik ko'rsatkichlar kontekstida qishloq xo'jaligi mahsulotlari bozorini axborot jihatdan qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. Geografik ko'rsatkichlardan foydalanish ishlab chiqaruvchilarga foydani ko'paytirishga yordam beradi, iste'molchilar esa, o'z navbatida, muayyan mahsulotning mukammal sifat va noyob xususiyatlarga ega ekanligi bo'yicha  kafolat oladilar.

Geografik ko'rsatkich — bu muayyan geografik kelib chiqishga va o'sha joyga xos xususiyatlarga yoki obro'ga ega bo'lgan tovarlar bo'yicha ishlatiladigan belgi. Bu, masalan, Italiyaning Parma va Emiliya-Romanya viloyatlarida ishlab chiqarilgan Parmezanni boshqa pishloqlardan va SHampanni frantsuz Shampanidan tashqarida ishlab chiqarilgan ko'pikli vinolardan farqlashga imkon beradi. O'zbekistonda Oltiariq tumanida yetishtiriladigan mashhur uzum, Baxmal olmalari, gurvak qovun, shaharning “tashrif qog'ozi”ga aylangan Samarqand nonlari, Jizzax somsasi va boshqa gastronomik durdonalarni misol qilib keltirish mumkin.

O'zbekiston iqlim sharoiti, geografik joylashuvi va tarixiy an'analari tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi yirik mamlakat hisoblanadi. O'zbekiston qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati o'zining an'anaviy eksport bozorlarida yaxshi tan olingan alohida ta'm va aromatik xususiyatlarga ega yuqori sifatli meva, poliz mahsulotlari va vinolarni keng taklif etmoqda. Bundan tashqari, O'zbekiston qadimdan Farg'ona viloyatining Rishton tumani va Namangan viloyatining Chust tumanida joylashgan noyob milliy kulolchilik va an'anaviy pichoqchilik markazlari bilan mashhur.

— O'zbekiston agrar sohaga marketingning ilg'or usullarini hamda axborot texnologiyalarini joriy etish orqali hozirgi imkoniyatlarni yanada kengaytirish bo'yicha katta salohiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, geografik ko'rsatkichlar tizimining joriy etilishi qiymat zanjirlarining barqarorligini oshirish va qishloqlarni rivojlantirishda asosiy harakatlantiruvchi kuch bo'lib xizmat qilishi mumkin”, — deydi FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o'rinbosari Sherzod Umarov.

Qayd etish kerakki, FAO O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intelektual mulk agentligiga Turkiya va Fransiya tajribasini hisobga olgan holda “Geografik ko'rsatkichlar to'g'risida”gi yangi qonunni ishlab chiqishda ham yordam berdi.