FAO qishloq ayollarini yangi daromad manbalarini topishga jalb qilmoqda

    Xotin-qizlar tikuvchilik, jun ko'rpa va milliy kashtachilik asoslarini ham o'rgandilar.

    Buxoro va Navoiy viloyatlarining qishloq ayollari biznes va hunarmandchilik mahorati bo'yicha o'quv-seminarlarda ishtirok etish orqali muqobil daromad olish imkoniyatlarini kashf etdilar. O'quv mashg'ulotlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan CADI (Markaziy Osiyo cho'llari bo'yicha tashabbus) loyihasi doirasida tashkil etildi.

    O'quv mashg'ulotlarida Navoiy viloyati Nurota tumani Chuya qishlog'i va Buxoro viloyati Qorako'l tumani Do'rmon qishlog'idan jami 57 nafar xotin-qiz ishtirok etdi. Mashg'ulotlar kashtachilik va an'anaviy hunarmandchilik bo'yicha ustalari tomonidan olib borildi. Ulardan biri Markaziy Osiyo davlatlari hunarmandlarini qo'llab-quvvatlash uyushmasining O'zbekistondagi vitse-prezidenti Matlyuba Bozorova. U mashg'ulot ishtirokchilariga hunarmandlarni qo'llab-quvvatlash uchun mamlakatda mavjud imtiyozlar haqida ma'lumot berdi, qanday qilib biznes boshlash, shuningdek, uyda marketing va ish yaratish asoslari haqida o'z tajriba va bilimlari bilan o'rtoqlashdi.

    — Tashkilotimiz mandatida gender tengligi va ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish muhim o'rin tutadi — deya ta'kidladi CADI loyihasining O'zbekistondagi milliy koordinatori Narimon Nishonov. — FAO ayollarni o'z oilalari daromadlarini oshirish uchun muqobil daromad keltiradigan faoliyatga jalb qiladi. Bu ularning mo''tadil cho'llarda yaylov va boshqa qishloq xo'jaligi ishlariga bo'lgan qaramligini kamaytiradi. Bu ma'noda an'anaviy hunarmandchilikning tiklanishi, ayniqsa, muhimdir, chunki bozorda bunday mahsulotlarga talab yuqori.

    Uch kunlik dars davomida qishloq ayollari tikuvchilik, jun ko'rpa va milliy kashtachilik asoslarini ham o'rgandilar. Amaliy mashg'ulotlar davomida ishtirokchilar milliy va zamonaviy moda yo'nalishlarini birlashtirib, yostiqchalar, choponlar, kurtkalar, sumka va ko'rpachalar tikishdi. Usta Venera Kalimullina ularga jundan ko'rpa tayyorlashdagi junni saralash, yuvish va quritish hamda tikish jarayonlarining barcha sir-asrorlarini o'rgatdi.

    — Treningda qatnashish uchun, asosan, “Temir daftar” — ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar ro'yxatida bo'lgan ayollar tanlab olindi. Umid qilamizki, ular olgan bilim va ko'nikmalari tufayli bundan buyon qo'shimcha daromad olishadi va o'z oilalari farovonligini yaxshilashadi, — deydi usta Venera Kalimullina.

    Eslatib o'tamiz, treninglar tashkil etilgan tumanlar CADIning loyiha hududlari hisoblanadi. Ushbu loyiha global ahamiyatga ega noyob ekotizimlari mavjud bo'lgan mo''tadil cho'llarni saqlash va ulardan barqaror foydalanishga qaratilgan. Ushbu cho'llar qushlar, shuningdek, tuyoqli yovvoyi hayvonlar uchun muhim migratsiya hududlari hisoblanadi. CADI loyihasining maqsadli ishtirokchilari — Qozog'iston, Turkmaniston va O'zbekiston. Ushbu mamlakatlar zimmasiga antropogen omillar xavf solayotgan mo''tadil cho'llarni saqlab qolish bo'yicha alohida mas'uliyat yuklangan. CADI loyihasi Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va 2016-yildan buyon Grayfsvald universiteti, Mixael Zukkov jamg'armasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshiriladi.