O'quv mashg'ulotlari Global ekologik Fond (GeF) tomonidan moliyalashtirilgan FAOning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish”  loyihasi (CACILM-2) doirasida tashkil etildi.

Tadbirda Urug'chilikni rivojlantirish markazi, Urug'liklarni sertifikatlash va ularning sifatini nazorat qilish davlat markazi, Qishloq xo'jaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi, shuningdek urug'chilik bilan bog'liq boshqa manfaatdor tomonlar ishtirok etdi.

Urug'chilik oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning asosiy omili bo'lib, qishloq xo'jaligi va o'rmon o'simliklarining urug'larini ishlab chiqarish, yig'ish, qayta ishlash, saqlash, sotish va tashish, shuningdek, nav va urug'larni nazorat qilish bilan bog'liq faoliyatni qamrab oladi. Qishloq xo'jaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olish va sifatini oshirishda genetik sofligini va zararkunandalarga chidamliligini saqlab qolgan holda yangi va savdoga qo'yilgan navlarning urug'larini yetishtirish muhim ahamiyatga ega.

— Qishloq xo'jaligining ushbu tarmog'ini yanada takomillashtirishda kadrlar salohiyatini rivojlantirish, ularning bilim va malakasini oshirish muhim ahamiyatga ega, — dedi loyiha milliy menejeri Muxammadjon Qosimov. — Bugungi kunda urug'chilikda faol ishtirok etayotgan xususiy sektor vakillari bilan tajriba almashmoqchimiz. O'tgan treninglarda biz ishtirokchilarning biznes rejalashtirish, korxona boshqaruvi, urug'lik marketingi kabi bilimlarini oshirishga harakat qilgan edik.

Xalqaro urug'chilik sanoati birinchi navbatda xususiy urug'chilik shirkatlari va fermerlar assotsiatsiyasi, yangi nav selektsiyachilari, importyorlar, eksportchilardan iborat. Xorijiy tajriba ko'rsatganidek, xususiy sektorning rivojlanishi hosildorlikni oshirish va urug'chilikni rivojlantirishda muhim omil bo'lmoqda.

Treninglar davomida urug'chilik sanoatini tartibga soluvchi amaldagi milliy Qonunchilik va xalqaro normalar haqida umumiy ma'lumot taqdim etildi. FAO tomonidan amalga oshirilgan urug'chilik loyihalari haqida ma'lumot berildi.

Bundan tashqari, urug'lik sifatini ta'minlash tamoyillari, dalada tekshirish metodologiyasi va uning urug'lik sifatini ta'minlashda qo'llanilishi, Xalqaro urug'larni sinash assotsiatsiyasi (ISTA) standartlari va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.