BMTning 2021-yildagi Oziq-ovqat tizimlari bo'yicha sammitiga tayyorgarlik doirasida Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) hamda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) virtual shakldagi mustaqil muloqoti bo'lib o'tdi.

Bo'lib o'tgan muloqot davomida ShHTga a'zo davlatlar vakillari oziq-ovqat tizimlarining faoliyati va rivojlanishi, mamlakatlardagi bu bilan bog'liq  mavjud muammolar va ularni hal etish yo'llarini muhokama qildilar hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashdagi eng ilg'or amaliyotlar bilan o'rtoqlashdi.

Ma'lumki, BMT Bosh kotibi 2021-yilning kuzida Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish bo'yicha O'n yillik harakatlar doirasida Oziq-ovqat tizimlari bo'yicha sammit tashkil qilmoqda. Sammitning maqsadi sa'y-harakatlarni o'zaro birlashtirish va ochlikka barham berish, yanada inklyuziv va barqaror oziq-ovqat tizimlarini yaratish ishlarini jadallashtirishdan iborat. Bu maqsadlarga to'yimli oziq-ovqat mahsulotlariga ega bo'lish imkoniyatini ta'minlash, ishlab chiqarish va iste'molning barqaror  modellariga o'tish, tabiiy resurslardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish hamda qishloq xo'jaligining inqiroz va zarbalarga chidamliligini oshirish orqaligina erishish mumkin.

O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligi vazirining maslahatchisi, shuningdek, BMTning Oziq-ovqat tizimlari bo'yicha sammiti arafasida milliy muloqotlarning tashkilotchisi bo'lgan Alisher Shukurov tadbirda O'zbekiston tomonidan ishtirok etdi va o'z nutqida quyidagilarni ta'kidladi: “O'zbekistonda o'tkazilgan milliy muloqotlar, shu jumladan, viloyatlarda o'tkazilgan submilliy muloqotlar munozaralar, hamkorlik, konsensus yaratish va umumiy majburiyatlarni bajarish uchun imkoniyatlar yaratdi. O'zbekiston ShHT va FAO a'zolari bilan o'z tajribasini o'rtoqlashishga tayyorligini ma'lum qilamiz”.

Tadbir natijalariga ko'ra, ishtirokchilar oziq-ovqat tizimlari va ularni barqaror isloh qilish yo'llari masalalari bo'yicha ShHTga a'zo davlatlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning yuqori salohiyatini anglaganlari holda, savdo, ichki oziq-ovqat ta'minotini mustahkamlash, barqaror oziq-ovqat tizimlari va boshqa masalalarda texnik qo'llab-quvvatlashni amalga oshirish bo'yicha ShHT doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini o'rganib chiqdilar.