Boshqarma boshligʻi I. Abdusattorov anjumanning mazmuni va belgilangan mavzuga oid oʻz mulohazalarini bildirib, 2021-yilning oʻtgan 5 oyi davomida davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida bir qator ishlar amalga oshirilganligi, jismoniy va yuridik shaxslarga jami 315 ming 348 ta davlat xizmatlari koʻrsatilib, ulardan 288 ming 760 tasi DXM oraqali, 26 ming 588 tasi esa internet orqali koʻrsatilganligini aytib oʻtdi.

Chekka va olis hududlarga borgan holda, aholiga 9 mingga yaqin sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatildi. Tuman va shahar FHDYO boʻlimlari tomonidan 27 ming 23 ta tugʻilganlik, 8 ming 908 ta nikoh qayd etilganligi haqida maʼlumot berildi.

Oʻtgan vaqt mobaynida jismoniy va yuridik shaxslardan 520 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, ularning 215 tasi qanoatlantirilib, 258 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 10 tasi tegishligi boʻyicha yuborilgan. 7 ta murojaat koʻrmasdan qoldirilgan boʻlsa, 30 tasi koʻrib chiqish jarayonida.

Boshqarma mutaxassislari tomonidan aniqlangan 7 ming 155 ta qonunbuzilish holatlari boʻyicha vakolatli idoralarga 18 ta taqdimnoma, 94 ta ogohnoma kiritildi. Mansabdor shaxslarga nisbatan 137 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Qonunbuzilishga yoʻl qoʻygan shaxslarning 67 tasiga intizomiy, 137 tasiga maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanilgan boʻlsa, 4 tasi egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Tadbir yakunida jurnalistlar yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami 27-iyun — “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” bilan muborakbod etilib, davlat xizmatlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarini keng jamoatchilikka namoyon etishda faollik koʻrsatib kelayotgan bir guruh jurnalistlar boshqarmaning tashakkurnomasi hamda qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi, deya xabar beradi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.