Kuni kecha ziyo maskanimizda katta tadbir uyushtirildi. Unda Respublika bolalar kutubxonasi vakili Mirsaid Rohataliyev, Namangan viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i Oybek Zokirovlar so'zga chiqib, ma'naviyat, bilim-tafakkur, muvaffaqiyatlar asosi hisoblangan kitobxonlikni yanada kuchaytirishga oid loyihalar, sa'y-harakatlar to'g'risida alohida to'xtalishdi.
Qisqa musiqiy dasturdan so'ng respublika tanlovlarida g'oliblikni qo'lga kiritgan 9 nafar o'quvchi va 3 nafar kutubxonachi taqdirlandi. Eng fidoyi, tinib-tinchimas kutubxonachilar, iste'dodli yosh kitobxonlarga diplom va qimmatbaho sovg'alar tantanali tarzda topshirildi. Ta'kidlash joiz, joriy yil olti oy davomida mamlakatimiz miqyosidagi kitobxonlik tanlovlarida Namangan viloyatining o'zidan 50 mingdan ziyod o'quvchi qatnashgan.
Kelajagimiz bunyodkorlari orasida kitobxonlikni ommalashtirishda bu singari tanlovlar juda muhim. Ayniqsa, targ'ibot tufayli o'g'il-qizlar faqatgina o'qish bilan cheklanib qolmasdan badiiy ijodning turli yo'nalishlarida iqtidorlarini sinab ko'rishga intilishmoqda. Masalan, Chust tumanidagi 23-umumta'lim maktabi 10-sinf o'quvchisi Dilnura Shermatova tanlovning respublika bosqichida “Yil hikoyasi” nominatsiyasida birinchi o'rinni egalladi.
Darhaqiqat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish orqali esa yaxshi samaraga erishilyapti. Xususan, Namangan tumanidagi 8-umumta'lim maktabi 4-sinf o'quvchisi Ibratbek Jamoliddinov yozgi ta'til munosabati bilan kutubxonamiz tomonidan e'lon qilingan “Men yoqtirgan ertak va hikoya” nomli onlayn tanlovda sevgan asari mazmunini ifodali gapirib bergan videolavhasi ijtimoiy tarmoqlarga joylandi hamda viloyat bo'yicha uchinchi o'ringa munosib deb topildi.
Aziz farzandlarimiz, fayzli kutubxonamizga tashrif buyuring! Qiziqarli adabiyotlar, gazeta-jurnallarni o'qing va faol kitobxonlarimiz safiga qo'shiling.
Zulxumor TO'RAXO'JAYEVA,
Namangan viloyat bolalar kutubxonasi direktori