баннер
26 Apr 2025
14:31

    Faqat birja orqali sotiladigan tovarlar roʻyxati kengaytirildi

    Roʻyxatga xlorid va nitrat kislotalari; natriy sianid; gipoxlorit natriy; suyuq azot, suyuq xlor; rux belilasi; ferromolibden, bazalt, fosforit va dolomit uning mahsulotlari kiritildi.

    Vazirlar Mahkamasining 11.04.2025-yildagi “Zamonaviy birja mexanizmlarini joriy etish orqali birja savdolarida narxlar oʻzgarishining oldini olishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi VMQ-220-son qarori qabul qilindi.

    2025-yil 15-iyuldan boshlab monopol korxonalar va (yoki) ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxs, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan:

    • xlorid va nitrat kislotalari;
    • natriy sianid;
    • gipoxlorit natriy;
    • suyuq azot, suyuq xlor;
    • rux belilasi;
    • ferromolibden, bazalt, fosforit va dolomit uni mahsulotlarini barcha xaridorlarga ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotiladi.

    Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida ikki tomonlama qarama-qarshi auksion orqali birja savdolarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Maʼlumot uchun: ikki tomonlama qarama-qarshi auksion birja savdolarida amalga oshiriladigan va bir vaqtning oʻzida tovarlarni sotish boʻyicha oʻz takliflarini kirituvchi sotuvchilar hamda sotib olish uchun oʻz takliflarini taklif qiladigan xaridorlar ishtirok etadigan auksion.

    Tovarlarni ikki tomonlama muqobil auksion rejimida savdoga qoʻyishga ruxsat berishga birjaning Listing komissiyasi tomonidan ularni birja kotirovkalash varagʻiga kiritish yoʻli bilan yoʻl qoʻyiladi.

    Birja kotirovkalash varagʻiga kiritiladigan tovarlar quyidagi talablarga javob berishlari lozim:

    • birja savdolariga ulgurji partiyalarda qoʻyilishi;
    • yuqori likvidli, oʻzgarmas sifat koʻrsatkichlariga ega boʻlishi;
    • tovar savdoga muntazam ravishda (murojaatlar doimiyligi) qoʻyib borilishi va sotilishi;
    • tovarni savdoga qoʻyish vaqtida ularning oldindan koʻzdan kechirish talab qilinmasligi;
    • majburiy tartibda muvofiqligi baholanishi lozim boʻlgan mahsulotlarning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarning boʻlishi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 11.04.2025-yildan kuchga kirdi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech