Mazkur jamoaga esa yangi bosh murabbiy etib, oʻzbek futbolining haqiqiy afsonasi, 5 karra Oʻzbekiston chempioni, 2 karra kubok sohibi, 1994-yilgi Osiyo oʻyinlari chempioni,1 997-yilgi jahon terma jamoasi aʼzosi, “Shuhrat” medali sovrindori, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi” - Sergey Lebedov tayinlandi.
Bu harakatlar albatta tez orada oʻz natijasini koʻrsata boshladi. Universitet futbol maydonida boshlangan oʻyinlar eʼtibor va ragʻbatlardan ruh olib katta maydonga chiqib kelmoqda.
Quvonarlisi, yaqinda Fargʻonada start olgan futbol boʻyicha viloyat birinchiligi - Ikkinchi liga bahslarida “FarDU” jamoasi “Jarqoʻrgʻon” klubiga qarshi toʻp surdi va chiroyli oʻyin koʻrsatib, 3:2 hisobida gʻalabaga erishdi. Jamoa safida gollarga Muhammadqodir Ahmadjonov (1ta) Otabek Zokirov (2 ta)lar mualliflik qildilar. Mazkur natija orqali jamoa Birinchi liga yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Koʻrish mumkinki, tez fursatlarda “FarDU” futbol klubi OʻzPFL tasnifida oʻtadigan professional futbol chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Albatta, bu xushxabar Fargʻona davlat universitet jamoasi va talaba-yoshlari uchun quvonchli yangilik boʻldi. Chunki ikki yuzga yaqin oliy taʼlim muassasalari ichida “FarDU” futbol jamoasining Birinchi liga yoʻllanmasiga ega chiqishi muhim tarixiy voqelik boʻldi.
Shuningdek, etiborlisi, turnir yakunida “FarDU” jamoasi bosh murabbiyi Sergey Lebedov “Eng yaxshi murabbiy”, Muhammadqodir Ahmadjonov “Eng yaxshi himoyachi”, Nozimjon Bobojonov “Eng yaxshi yarim himoyachi” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib deb topildilar.
Aytish kerakki, mohirlik bilan katta maydon sari ildam borayotgan bu sport klubi oʻzbek futbolida yangi umid sifatida muxlislar koʻz oʻngida real namoyon boʻlmoqda. Jamoaning maqsadlari esa juda yuqori, shunga yarasha mehnat qilinmoqda.
Zero, yaqin tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, oʻsha mashhur Skobel futbolchilar jamiyati tarixini davom ettirganlar ham ilgari Fargʻona pedagogika instituti (hozirgi FarDU) talabalari boʻlganligi barchaga ayon. (Ular 1954-yilda ular Petrel jamoasini tashkil etgan. 1960-yilda u SSSR chempionatining “B” toifasida (ittifoq respublikalarining 2-zonasi) ishtirok etish huquqini olgan)
Xulosa oʻrnida, Fargʻona davlat universiteti futbol jamoasi misolida koʻrish mumkinki, mamlakatda har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish, iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya) jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etish albatta oʻz mevasini beradi.