Fargʻona adliya boshqarmasiga rus “shokolad”chilari murojaat qildi

    Xavfsizlik 19 Iyul 2022 1403

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga Rossiya Federatsiyasining Sankt — Peterburg shahrida joylashgan “Nevskiy konditer” masʼuliyati cheklangan jamiyati shikoyat ariza bilan murojaat qildi.

    Gap shundaki, qonunan ularga tegishli savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan shokolad shirinligiga juda oʻxshash mahsulot Fargʻona viloyatida joylashgan “N.D” MCHJ tomonidan kontrafakt sifatida ishlab chiqarilayotganligi bayon qilingan. Shu bilan birga, ular bilan shartnoma tuzilmaganligi, brend egalarining roziligi olinmaganligi va eng asosiysi, noqonuniy ravishda foydalanilayotganligi arizada aniq koʻrsatib oʻtilgan.

    — Oʻrganishda maʼlum boʻlishicha, “Nevskiy konditer” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan “shokolad” tovar belgisi uchun tovarlar va xizmatlar xalqaro tasnifining 30-sinfiga muvofiq “Nevskiy konditer” MCHJ huquq egasi hisoblanadi, — deydi Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻlim boshligʻi Umidjon Nazirov.

    Holat yuzasidan Fargʻona viloyatida joylashgan “N.D” MCHJ rahbari isteʼmolchilarni chalgʻitishga olib kelishi mumkin boʻlgan kontrafakt shokolad mahsulotlarini ishlab chiqarganlik fakti tasdiqlandi. Unga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudiga yuborildi. Sud tomonidan esa MCHJ rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 177 — moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topildi. Huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy jarima jazosi tayinlandi.

    Darhaqiqat, tovar (brend) belgisi nafaqat milliy balki xalqaro tizimda ham huquqiy himoya qilingan. Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26-apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi. Ushbu muhim hujjat tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksport qilishda hamda tovar brendini shakllantirishda qulay imkoniyatlarni taqdim etadi.

    Mazkur qaror bilan Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba 2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Qarorga koʻra, Respublika bojxona chegarasi orqali intellektual mulkni himoya qilish tartiblari takomillashtirilib, bojxona organlarining bu sohadagi faoliyati aktivlashtirildi.

    — Ilgarilari bojxona organlari chegaralar orqali olib kiriladigan tovarlarda intellektual mulk huquqiga rioya qilinishiga huquq egalarining arizalari asosida(!) chora koʻrilar edi, — deydi Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻlim boshligʻi Umidjon Nazirov. — Endilikda yangi qaror bilan bojxona organlari oʻz tashabbuslari(!) bilan tovar belgilarini aniqlaydilar va chalgʻituvchi yoki oʻxshash tovar belgili mahsulot olib kirilayotganda huquq egasiga bevosita maʼlumot berishi belgilab qoʻyildi. Va ushbu maʼlumot asosida huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora koʻriladi. Yuqorida keltirilgan holat esa mamlakatimizda qonun ustuvorligi taʼminlanganidan dalolat beradi.

    Elyorjon Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    jamoatchilik bilan aloqalar

    boʻyicha yetakchi maslahatchisi.