Margʻilonning “Zuhro” mahalla fuqarolar yigʻini asosan koʻpqavatli uylardan iborat. Prezident Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan viloyat hokimi sayyor qabuli davomida tushgan murojaatlar asosida shu yerdagi 8 ta koʻpqavatli uylarning tom qismi taʼmirlandi. Fasadlar yangilandi. Kirish yoʻlaklari taʼmirlanib, fromogalar yangilandi. Ayniqsa, uylar atrofidagi noqonuniy qurilmalar olib tashlanib, obodonchilik ishlari tashkil qilindi. Bugun uylar xovlisiga fayz kirdi. Bolalar oʻyingohlari qurib berildi. Avtoturargoh maydonigacha asfaltlandi.

“Nadirmat” MFY Margʻilonning eng koʻhna aholi yigʻinlaridan sanaladi. “Maktab” koʻchasi boʻylab shu kunlarda toza ichimlik suvi tortish ishlari yakunlanmoqda. Chirib bitgan ichimlik suvi tarmogʻi yangilanmoqda. Kommunalchilar buning uchun 3 ming metr tarmoq tortdilar.
Mahallaning qoʻshni koʻchasida esa elektr taʼminoti yaxshilanmoqda. Temirbeton tayanchlar oʻrnatilib, havo liniyalari tortilmoqda. Albatta, bu ishlardan mahalla ahli mamnun!
Toshloq tumani boʻyicha ham aholi vakillarining Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatlari muntazam tarzda hal etib borilmoqda. Bunga hayotiy misollar ham koʻp. Aytaylik, “Zarkent” qishlogʻidagi qoʻlbola elektr tayanchlari olib tashlanib, ular oʻrnida temirbeton tayanchlar oʻrnatildi hamda havo tarmoqlari tortilib, xonadonlar qaytadan tarmoqqa ulanmoqda.
Tumandagi “Sadda” mahalasida esa ichimlik suvi tarmogʻi chirib bitgandi. Endi bu aholi oʻramida ham yangidan tarmoq tortilmoqda.

“Qoʻrgʻoncha” MFYda yashovchi aholi vakillari Xalq qabulxonasiga qabristonga boshlovchi yoʻllarning tashlandiq ahvolga kelib qolganidan, uning hududi qarovsiz ahvolda qolib ketganidan norozi boʻlib murojaat qilgandilar. Qisqa fursatda mahalliy hokimlik, sektor ishchi guruhi tomonidan oʻrganishlar olib borildi. Kuchlar safarbar etilib, qabriston hududidagi eski imoratlar olib tashlanib, obodonlashtirildi.
“Tojik” qishlogʻida esa boshlangʻich sinf bolalari uchun 120 oʻrinli maktab qurilishi va foydalanishga topshirilishida ham Xalq qabulxonasiga boʻlgan murojaat muhim ahamiyat kasb etdi.
Bugun joylardagi Xalq qabulxonalari tomonidan “temir daftar” yoki ayollar hamda yoshlar daftarida roʻyxatga olingan insonlarni qoʻllab-quvvatlash, ayniksa, ularning bandligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Toshloq tumanida bu yoʻnalishda ham natijador ishlar koʻlami kengaymoqda. Ellik gektarlik maydonda issiqxonalar majmuasi barpo etishga kirishilgan. Mahalliy yoshlar bu yerda bir yoki ikki gektar hisobida yer maydonlariga ega boʻlib, ularda qurilish ishlarini yakunlayotgan boʻlsalar, tez kunlarda ikki-uch sotixdan iborat issiqxona uchastkalari aynan “temir daftar”da roʻyxatda turgan ishga layokatli aholi vakillariga beriladi.

Quva tumanida mahalliy tadbirkor ayni kunlarda atirgul koʻchatlarini eksport qilishga tayyorlamoqda. Tumanning eng chekka hududi sanalgan “Soyguzar” qishlogʻida ikkinchi sektor koʻmagida kooperatsiya tashkil qilindi. Tadbirkor yigit kooperatsiya rahbari tariqasida qishloqdagi ishsiz aholi vakillarini ishga qabul kildi. Endi kechagina ishsiz oʻtirgan insonlar ish bilan bandlar. Aytishlaricha, yana sektor koʻmagida kooperatsiyaga 7 gektar yer maydoni ajratildi. Aholi bandligini taʼminlash boʻlimi tomonidan bahorda gul koʻchatlarini ekish uchun “temir daftar”da roʻyxatga olingan shaxslarga 131 mln soʻm miqdorida davlat subsidiyalari ajratilmoqda.
Quva tumanida yangi tikuvchilik korxonasi ham kuni kecha ish boshladi. Tikuvchi xotin-qizlarning aksariyati “Begat” qishlogʻidan qatnaydi. Ular safida 18 nafar ayol “temir daftar”ga kiritilgan boʻlib, ish soʻrab qilgan murojaatlari asosida ishli-joyli boʻlganlar.

Aslida ijtimoiy himoyaning eng muhim qismi – aholi bandligini taʼminlash bilan bogʻliq. Oltiariqning “Kapchoʻgay” massivi adirlik boʻylarida kichik sanoat zonasi tashkil etish, unda mahalliy tadbirkorlar uchun yer maydonlari ajratish masalasi ham sayyor qabullar davomida koʻtarilgan edi. Ayni kunlarda kichik sanoat zonasida 20 ta loyiha tayyorlanmoqda. Ularga koʻra, 10 sotixdan yer maydoni murojaat bilan chiqqan talabgor tadbirkorlarga berilib, kichik ishlab chiqarishlar, shuning barobarida yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Maʼlum bir mahalla yoki koʻchaning aholisi talablari ham shu tartibda hal etilmoqda. Masalan, “Poloson” qishlogʻining “Buloqboshi” mahallasida TP oʻrnatildi. Manzilli dasturlar asosida hamda maʼlum muddat talab etadigan loyihalar ham yuzaga chiqarilmoqdaki, buni tumanning eng chekka qishlogʻi – “Azimobod”da qurib bitkazilgan suv inshooti tasdiqlaydi. Mazkur qishloq aholisi ham toza ichimlik suvi tizimi qishloqda izdan chiqqani haqida Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan. Davlat byudjetidan ajratilgan 3 mlrd soʻm mablagʻ evaziga zamonaviy suv inshooti qurib bitkazildi. Natijada qishloqning 600 dan ziyod xonadoniga toza ichimlik suvi kirdi.

Oltiarikning “Yangi turmush” MFYsi toʻrtinchi sektor hududida joylashgan. Mahallada 17 km uzunlikdagi 6 ta ichki yoʻl majud boʻlsa, ularning yarmida ahvol achinarli darajada edi. Murojaat orqali bu kamchilikni bartaraf etishga kirishildi hamda 153 ta xonadondan iborat “Bogʻi eram” koʻchasini shagʻallashtirish ishlari ham boshlab yuborildi.
Aholi tomonidan Prezident Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarni sektor rahbarlari bilan hamkorligida bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.