Muhokamada videokonferensiya orqali Andijon va Namangan viloyatlarining biznes vakillari ham ishtirok etdi.
Suhbat chogʻida tadbirkorlarning Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha konstruktiv takliflari atroflicha koʻrib chiqildi. Bildirilgan gʻoyalar hayotga tatbiq etish uchun qabul qilindi – ularni joriy etish mexanizmlari bevosita muloqot davomida ishlab chiqildi. Tijorat banklarining investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksportchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirish, yer uchastkalari, boʻsh bino va inshootlar ajratish, tashqi bozorlarga ichki mahsulotlarni ilgari surish, ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur boʻlgan turli sertifikat va ruxsatnomalar olish, shuningdek, boshqa dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilish chogʻida tadbirkorlarning aniqlangan muammolarini hal etish jarayoni ham koʻrib chiqildi. Aniq holatlar oʻrganilib, yuzaga kelgan masalalarni hal etishni jadallashtirish, shuningdek, tadbirkorlarni samarali qoʻllab-quvvatlash maqsadida tegishli vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlarini oʻzaro muvofiqlashtirilgan hamkorlikka jalb etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Muhokama yakunida vazirlik va idoralar hamda tadbirkorlar oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlik qilish mexanizmini yaratish, alohida va tizimli muammolar yechimlarini birgalikda ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.