Farg‘onada bo‘lib o‘tadigan «Chegaraoldi hududlar integratsiyalashuvi – rivojlanish garovi» mavzusidagi xalqaro biznes-forum oldidan Vodildagi viloyat hokimligi «Qabullar uyi»da Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Qirg‘izistonning Batken viloyati gubernatori Omurbek Suvanaliev hamda Tojikistonning So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzodaning kengaytirilgan tartibdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ilk so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodasi natijasida xalqlarimiz o‘rtasida azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalari qaytadan kuchayib borayotganini qayd etib, hududlararo savdo-iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish barcha uchun qator takliflarni ilgari surdi.
Beshariq tumanida Tojikiston bilan chegaradagi «Andarxon» nazorat-o‘tkazish punkti yonidagi maydonda «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasiga bog‘liq Erkin savdo zonasi tashkil etish bo‘yicha loyiha ishlari davom etayotganini ma’lum qilgan Xayrullo Bozorov, har ikki mamlakatdan erkin kirish va chiqish imkoniyati yaratiladigan ushbu zona, mintaqaviy ulgurji va chakana savdoni rivojlantirish uchun katta qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Viloyat hokimi shuningdek, Farg‘onada Batken va So‘g‘d savdo uylarini, chegaradosh bu ikki viloyatda esa Farg‘ona savdo uyini tashkil etish, viloyatlar o‘rtasida o‘zaro Madaniyat kunlarini tashkil etish, chegaradosh hududlararo kooperatsiyani tashkil etish orqali yangi turdagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yanada kengroq imkoniyat yaratish, oliy ta'lim sohasida professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘zaro almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi takliflarni o‘rtaga tashladi.
So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda Tojikiston ham asta-sekin paxta xom-ashyosi eksportidan voz kechish harakatida ekanini bildirib, Farg‘ona viloyati tadbirkorlari uchun paxtani qayta ishlash va tekstil sohasida hamkorlik istiqbollari ochilayotganini ta’kidladi. Ahmadzoda shuningdek, o‘tgan davrlarda So‘g‘d viloyatidan Farg‘ona vodiysiga katta miqdorda ko‘mir yetkazib berib kelinganini eslatib, hozirda ham sifatli va arzon ko‘mir eksporti qilish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi.
Qo‘shni davlatlar o‘rtasida siyosiy maydondagi kelishuvlar savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlikka yo‘l ochganini qayd etgan Batken viloyati gubernatori Omurbek Suvanaliev, Qirg‘izistonning yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi ekani Farg‘ona va So‘g‘d viloyati biznesi uchun qo‘shimcha imkoniyat yo‘lagi ekanini ta’kidladi. Omurbek Suvanaliev Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan uch chegaradosh viloyat, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish orqali yanada yaqinlashishiga va jipslashishiga, «chegaradosh viloyatlar», «chegaraoldi hududlar» degan iboralar foydalanishdan ham chiqishiga umid bildirdi, deb xabar beradi Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.