Mazkur “aql jangi” ishtirokchilarning mantiqiy fikrlashini oshiradi, bilimdonlarni keyingi bosqichga saralash orqali raqobat va ragʻbat bilan tinimsiz oʻrganish, izlanishga yoʻnaltiruvchi koʻprik vazifasini bajaradi. Aytish kerakki, mazkur oʻyin tashkil etilganiga koʻp boʻlmasidan qanchadan-qancha iqtidorli, bilim egalarini yuzaga chiqardi, ilmtalab yoshlarni ortidan ergashtirdi.
Jumladan, zukko bilimdonlarni oʻz bagʻriga jamlagan Fargʻona davlat universitetining iqtidorli talaba-yoshlari “Zakovat” intellektual oʻyini hamda turli bilimlar bellashuvlarida uzluksiz ishtirok etib, eng yaxshi natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqdalar.
Davlatimiz rahbarining ushbu intellektual oʻyin rivoji uchun qaratgan eʼtibori, zakovatli yoshlar uchun yaratgan shart-sharoitlari natijasida 2023-yilda oʻqituvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” turnirining respublika bosqichida “FarDU” jamoasi 3-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2024-yilda 2-oʻringa, Fargʻona davlat universiteti akademik litseyi esa 1-oʻringa yuksaldi.
Eʼtirof etish kerakki, joriy yilning 16-20-dekabr kunlari oliy taʼlim muassasaalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Intellektual olimpiada” turnirida sportning shashka bahslarida fizika-matematika fakulteti 4-bosqich talabasi Ismoiljon Ismoilov faxrli 1-oʻrinni egalladi.
Bu gʻalaba barchamiz uchun quvonchli xushxabar boʻldi. Shuningdek, intellektual olimpiadaning erudit kvartet turnirida esa Fargʻona davlat universiteti jamoasi 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, 100 million soʻm pul mukofotini qoʻlga kiritdi.
Eng quvonarlisi, yaqinda eʼlon qilingan intellektual olimpiadaning yakuniy natijalariga koʻra, Fargʻona davlat universiteti umumjamoa hisobida 2-oʻrinni egalladi va Prezident sovgʻasi — 1,5 milliard soʻm pul mukofoti sohibiga aylandi. Bu yutuqlar yakunlanayotgan yilning muvaffaqiyatlarga boy intihosi va kelayotgan yangi yilning omadli debochasidir. Albatta, bu gʻalabalar ortida oliygoh rektori boshchiligidagi jamoaning tinimsiz mehnatlari mujassam.
Bugun yuraklarida Vatan mehri joʻsh urayotgan, tomirlarida daholar qoni gupirib oqayotgan Yangi Oʻzbekiston farzandlari kelgusida albatta, oʻzligini, ilmini butun dunyoga namoyon etadi, kuchli intellektual poydevorga ega boʻlgan qudratli davlatni barpo etadi. Ertaga ular orasida Fargʻona davlat universitetining baxtli talabalari koʻpchilikni tashkil qilishiga shubhamiz yoʻq.
Dilobar Gafurova,
FarDU Axborot xizmati