Fargʻona davlat universitetida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻz natijasini bermoqda.
Yoshlarning ommaviy sportga qiziqishlarini yanada oshirish, sport turlari boʻyicha universitet terma jamoalarini oliy liga chempionatlariga olib chiqish, shuningdek, oliygohdan nayza uloqtirish boʻyicha Paralimpiada oltin medali sohibi Yorqinbek Odilov, Oʻzbekiston kamonchi xotin-qizlari tarixida ilk bor kamondan oʻq otish boʻyicha jahon olimpiadasiga chiqqan Ziyoda Abdusattorova, Chernogoriyaning Budva shahrida boks boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida faxrli 3-oʻrinni egallagan Oisha Toirova, Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida kurash boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan Diyor Polvonboyev kabi chempion talaba-yoshlarni dunyoga yetishtirib chiqarish borasida FarDU jamoasi harakatdan aslo toʻxtagani yoʻq.
Shuningdek, Toʻmaris izdoshlari boʻlgan sportchi qizlarimiz ham faqat oldinga intilmoqda. Yaqinda oliy taʼlim muassasalari talaba-yoshlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari Respublika bosqichida sportning stritbol turi boʻyicha FarDU qizlar jamoasining faxrli 1-oʻrinni egallagani — yuqoridagi fikrlarimizning chin tasdigʻi boʻldi.
Alohida taʼkidlash kerakki, sportning futbol turi boʻyicha tashkil etilayotgan musobaqalarda ham universitet yoshlari yetakchilikni qoʻldan bermay kelmoqdalar. Davlatimiz rahbarining «Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi Farmoni, shuningdek, joriy yil 11-aprelda Muhtaram Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oliygohning «FarDU« futbol jamoasi tuzilib, unga yangi bosh murabbiy sifatida oʻzbek futbolining haqiqiy afsonasi, «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi« — Sergey Lebedov tayinlangan edi. Ahamiyatlisi, yaqinda Fargʻonada start olgan futbol boʻyicha viloyat birinchiligi — Ikkinchi liga bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan FarDU jamoasi yakunda chempionlikni qoʻlga kiritdi. Mazkur natija orqali jamoa Birinchi liga yoʻllanmasiga ega chiqdi. 2024-yilgi mavsumda FarDU futbol klubi OʻzPFL tasnifida oʻtayotgan professional futbol chempionatida ishtirok etdi va Sharq mintaqasida 2-oʻrin sohibi boʻldi.
Birinchi liga Reglamentiga koʻra, musobaqa yakunida Sharq va Gʻarb mintaqasidan eng kuchli 8 ta jamoa pley-off bahslarida ishtirok etishi belgilab qoʻyilgan boʻlib, shu yilning 4-11-noyabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan pley-off bahslarida FarDU jamoasi musobaqaning yarim final bosqichiga qadar yetib bordi va yakunda 3-oʻrinni qoʻlga kiritib, musobaqa bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Taʼkidlash joizki, FarDU jamoasi hujumchisi Riza Ayvazov ortda qolgan 2024-yilgi mavsum davomida jami 25 ta gol kiritib, Birinchi liga toʻpurarlari jadvalida mutlaq gʻolib boʻldi. Ushbu gʻalabaga FarDU futboli tarixida birinchi marotaba erishildi. Albatta, ushbu muvaffaqiyatlar zamirida yoshlar sporti rivojiga alohida eʼtibor qaratib, yurtimizda futbol taraqqiyotiga oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan oliygoh rektori Bahodirjon Shermuhammadovning izlanishlari, sportsevarligi koʻrinib turibdi.
Bu yutuqlar, erishilgan gʻalabalar negizini xolis tahlil qilgan holda aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotgani sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashda eng muhim omildir.
Dilobar Gafurova,
FarDU Axborot xizmati