Bugun yangilanayotgan yasharib borayotgan jamiyatimiz hayotiga buyuk maqsadlar sari dadil qadam tashlab, ishonch bilan olgʻa borayotgan yuksak salohiyatli navqiron yoshlarimiz kirib kelmoqdalar. Ularga keng imkoniyatlar yoʻlini ochish, ehtiyoj va manfaatlarini taʼminlash, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarish, koʻzlagan marralariga yetishishlari uchun har tomonlama koʻmak berish davlatimiz, Muhtaram Prezidentimiz eʼtibor markazida ekani quvonarli, albatta. Qolaversa, Vatanimiz taqdiri bilan chambarchas bogʻliq yoshlar masalasiga qaratilgan davlat siyosati darajasidagi ragʻbatdan ruhlanish yosh avlodda qatʼiyatni, oʻziga talabchanlikni tarbiyalaydi.
Fargʻona davlat universitetida yoshlar bilan ishlash, ularda ilm-fanga boʻlgan ragʻbatini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgani, oʻtgan yillar ichida mazkur saʼy-harakatlar oʻzining yangi taraqqiyot bosqichga koʻtarilganini alohida eʼtirof etishimiz zarur. Zotan, ilm dargohida bir maqsad ostida jamlangan talaba-yoshlar, 1000 nafarga yaqin yosh olim-izlanuvchilari bilan ulkan marralarga intilayotgan otaxon universitet yildan yilga navqironlashib, yoshlikka xos shijoat, hayotsevarlik, intiluvchanlik kasb etib bormoqda.
Darhaqiqat, soʻnggi yillarda universitetimizda iqtidorli talabalar bilan ishlash samaradorligini oshirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilib, izlanuvchan talabalarni qoʻllab-quvatlash, ularni ilmga yoʻnaltirish, qobiliyatlarini rivojlantirish tizimining kuchaytirilishi natijasida bugun ushbu oliy taʼlim dargohida bilim olib, taʼlimda yuksak natija koʻrsatayotgan, har jabhaga yutuqlarga erishayotgan talabalar juda koʻpchilikni tashkil qilmoqda.
Xususan, kechagina poytaxtimiz Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Intellektual olimpiadaning “Erudit” kvartet yoʻnalishidagi dramatik va oʻta hayajonli finalda 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan Fargʻona davlat universitetining iqtidorli talabalari orasidan joriy yil hisobiga koʻra, 20 nafar nomdor stipendiya sohiblari yetishib chiqdi. Bulardan 1 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, 13 nafari Navoiy nomli davlat stipendiyasi, 1 nafari Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi, 2 nafari Mirzo Ulugʻbek, 1 nafari Bobur nomli davlat stipendiyasi, 1 nafari Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasini koʻlga kiritdilar. Shuningdek, 15 nafar intiluvchan yoshlar universitet ichki stipendiyalariga munosib deb topildi.
Eslatib oʻtish joizki, mazkur oliygohda 2022 yilda 18 nafar, 2023 yilda 23 nafar talaba Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, Islom Karimov stipendiyasi va nomdor davlat stipendiyalariga sazovor boʻlgan edilar. Quvonarlisi, bunday yuqori koʻrsatkich Fargʻona davlat universiteti tarixida birinchi marotaba qayd etildi. Universitetda yoshlarning ilmiy salohiyati, qobiliyatlar koʻlami, ilmga intilish dinamikasi kundan-kunga ortib borishi, bunday yuksalishlar negizida rektor Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi universitet jamoasining mashaqqatli va sharafli mehnatlari turganligi ayni haqiqatdir.
Yoshlar mamlakati boʻlgan Yangi Oʻzbekistonning 30 ming nafardan ziyod umidli yoshlari, ertangi kun egalari Fargʻona davlat universiteti bagʻrida kamolga yetar ekan, ularning orzu-intilishlari, maqsadlari, taqdiriga masʼullik hissi hamisha yuragimizda uygʻoqdir.
Dilobar Gafurova,
FarDU Axborot xizmati