Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, universitetning kasbiy (ijodiy) imtihonlar topshiriladigan taʼlim yoʻnalishlari 11 tani tashkil etadi. Ushbu taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bu yil 3090 nafar abituriyentdan hujjat kelib tushgan. Ijodiy imtihonlar avgust oyining 6 sanasiga qadar davom etadi.
— Ijodkor abituriyentlarga barcha shart-sharoitlar yaratilgan holda shaffoflik asosida oʻtkazilayotgan kasbiy imtihonlar natijalari tezkorlik bilan bugundan, 30-iyuldan eʼlon qilinadi, — dedi Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodir Shermuhammadov. — Ushbu koʻrsatkichlar bilan yoshlar bevosita universitetimiz sayti, rasmiy telegramm kanali, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishib borishlari mumkin.
Aytish mumkinki, universitetga oʻqishga kirish uchun umumiy 23,5 ming nafarga yaqin abituriyent onlayn roʻyxatdan oʻtdi. Shundan ikki ming nafardan ziyodi oliygoh fakultetlarida tashkil etilgan rus guruhlarida oʻqish istagini bildirgan. Universitet tomonidan yangi oʻquv yili uchun bakalavriat bosqichi kunduzgi yoʻnalishiga 2574 nafar, sirtqi taʼlimga 950 nafar, magistratura bosqichiga 157 nafar talaba qabul qilinishi belgilangan. Bundan tashqari, qoʻshimcha kvota asosida alohida imtiyozga ega boʻlgan iqtidorli yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning oliy taʼlimga muvafaqqiyatli qabul qilinishi koʻzda tutilgan.
Hozir magistratura, oʻqishni koʻchirish boʻyicha onlayn roʻyxatdan oʻtish jarayoni davom etmoqda.











