Fargʻona davlat universitetida Oʻzbekiston–Belarus Ikkinchi taʼlim forumi boʻlib oʻtdi

    Forumda Oʻzbekiston va Belarus mamlakatlaridan 30 ga yaqin oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamda 60 dan ortiq kasbiy taʼlim muassasalari rahbarlari boshchiligidagi 100 dan ziyod delegatsiya ishtirok etdi.

    Mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalarining rivojlangan davlatlar oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish va mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz va hukumatimiz tashabbusi bilan bu yoʻnalishdagi ishlar izchil va tizimli davom ettirilmoqda.

    Shu saʼy-harakatlar doirasida 2025-yil 7–8-oktyabr kunlari Fargʻona davlat universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Belarus Respublikasi Taʼlim vazirligi hamkorligida “Innovatsion hamkorlik: oliy va kasbiy taʼlim masalalari boʻyicha Oʻzbekiston va Belarus forumi” mavzusidagi Ikkinchi taʼlim forumi boʻlib oʻtdi.

    Forumning asosiy maqsadi ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, akademik almashinuvlarni kengaytirish, ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish va professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirishdan iborat boʻldi.

    Forumda Oʻzbekiston va Belarus mamlakatlaridan 30 ga yaqin oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamda 60 dan ortiq kasbiy taʼlim muassasalari rahbarlari boshchiligidagi 100 dan ziyod delegatsiya ishtirok etdi. Tadbir doirasida ikki davlat oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida 30 dan ortiq hamkorlik kelishuv va shartnomalari imzolandi.

    Fargʻona davlat universiteti soʻnggi yillarda xalqaro taʼlim maydonida oʻz obroʻ-eʼtiborini sezilarli darajada oshirdi. Universitet Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Ozarbayjon, Malayziya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Vengriya va Germaniya kabi 30 ga yaqin davlatlarning 100 dan ortiq oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

    Bundan tashqari, FarDU “UniRank”, “RUR”, “Times Higher Education” va “UI Green Metric” kabi nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. 2023-yilda universitet “UniRank”da 23-oʻrin, “RUR”da TOP-883 oʻrin, “THE Impact Rankings”da 1000+ natija va “UI Green Metric”da 738-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Universitet rektori Bahodirjon Shermuxammadov “Yil rektori – 2023” unvoniga sazovor boʻldi, FarDU esa “Yil universiteti – 2023” deb tan olindi.

    Bugungi kunda taʼlim jarayoniga xalqaro mezonlarni joriy etish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, professor-oʻqituvchilar salohiyatini oshirish va zamonaviy talablarga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash oliy taʼlim tizimining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

    Fargʻona davlat universitetida boʻlib oʻtgan Ikkinchi taʼlim forumi ham Oʻzbekiston va Belarus davlatlari oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qildi.