Fargʻona davlat universitetida yangi oʻquv yili boshlanishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi

    Bugun mamlakatimizning barcha OTMlarda boʻlgani kabi Fargʻona davlat universitetida ham yangi oʻquv yili boshlandi.

    Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov universitetning pedagogika va psixologiya fakultetida yangi oʻquv yili ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbirda ishtirok etdi.

    Viloyat hokimi oʻz soʻzida professor-oʻqituvchilarni va talabalarni yangi oʻquv yili bilan qutladi. Davlatimiz rahbarining “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” degan soʻzlarini iqtibos qilib keltirgan viloyat hokimi, mustaqilligimizni mustahkamlash, yurtimiz qudratini oshirishda eng muhim omillar bu – yoshlarimizga yuqori sifatli taʼlim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish hamda ular ongiga milliy qadriyatlarimizni, vatanparvarlikni, gʻurur va iftixorni singdirish ekanini qayd etdi. Har bir yosh yurt uchun xizmat qilish, uning ravnaqiga bilim va kuch-gʻayratini sarflash hayotda asosiy maqsadi boʻlishligini bildirdi. Viloyat hokimi talabalikka qabul qilingan ikki yuzdan ziyod yoshlarga Mustaqillik darsini oʻtdi.

    Tadbirda soʻz olgan FarDU rektori Bahodirjon Shermuhammadov istiqlol ayyomining 33-yilligi va yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan oliygoh jamoasi hamda talabalarni muborakbod etdi.

    “Joriy yil oliygoh faoliyatida sifatli taʼlim yoʻnalishining yangi gʻoyasi - Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ilgari surayotgan «Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” tamoyili barchamiz uchun katta harakatlantiruvchi kuch boʻladi»- deya taʼkidladi rektor oʻz soʻzida.

    Tadbir davomida universitetning bir guruh ustozlariga ilmiy unvonlar, diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Test imtihonlarida eng yuqori ballni olgan bir guruh talabalarning ota-onalari tashakkurnoma bilan taqdirlandi.