Fargʻona davlat universitetiga akademiklar keldi

    Bugun Fanlar Akademiyasi akademiklarining Fargʻona davlat universiteti ilmiy jamoatchiligi hamda yoshlari bilan “Kelajak avlodni ilm-maʼrifatli qilib tarbiyalash — masʼuliyatli vazifamiz” mavzusida uchrashuvi tashkil etildi.

    FarDU jamoasi va talaba-yoshlari tomonidan bayramona shukuhda kutib olingan ustoz akademiklar FarDUning Pedagogika va psixologiya fakulteti uchun qurib bitkazilgan yangi binosi bilan tanishdilar.

    FarDUda boʻlib oʻtgan ushbu uchrashuvda ishtirok etgan ustoz akademiklar — Oʻzbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov, Bobomurod Ahmedov, Yadro fizikasi instituti direktori Sodiqov Ilhom Ismoilovich, Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti direktori Shomansur Saʼdullayev, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Shodmon Namozov lar universitet jamoasi hamda yosh tadqiqotchilarga, talaba-yoshlarga oʻz maʼruzalarini taqdim etdilar.

    Uchrashuv avvalida universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov oʻz soʻzida muhtaram Prezidentimiz tashabbuskorligida soʻnggi yillarda yurtimizda oliy taʼlimni tizimli isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni aytib oʻtar ekan, Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻlgan yoshlarimizni maʼrifatli qilib tarbiyalash yoʻlida hurmatli akademiklarni sharafli xizmatlarini alohida eʼtirof etdi.

    Uchrashuv muzokaralar va yoshlarning yadro fizikasi, agrotexnologiyalar, farmakologiya, algebra sohalaridagi savollari bilan jonli oʻtar ekan, akademiklar oʻzaro muloqotda Fargʻona davlat universitetida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va ilmiy-innovatsion, maʼnaviy yuksalishga yuqori baho berdilar.

    Aniq maqsad, toʻgʻri harakat va munosib rahbar bilan universitet jamoasi erishayotgan ijobiy natijalarni guvohi boʻlayotganliklarini bildirdilar.

    Tadbir soʻngida ilm ahliga oliygohning esdalik sovgʻalari topshirildi va oʻz navbatida akademiklar universitet rektoriga minnatdorlik ramzi sifatida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tuhfasini topshirdilar.

    Uchrashuvdan soʻng mehmonlar yosh izlanuvchilar, ilmiy tadqiqotchilar bilan uchrashib, ularning ishlab chiqarishga tatbiq etayotgan yangi loyihalari bilan qiziqdilar.

    Bunda innovatsion loyihalar taqdimoti oʻtkazilib, asalarichilik, uzumchilik, anorchilik, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash yoʻnalishlarida yangi ilmiy izlanishlar ustida ish olib borayotgan tadqiqotchilar oʻz loyihalari va rejalarini taqdim etdilar.

    Shu kuni FarDU yoshlari uchun ham quvonchli voqelik boʻldi. Fargʻona davlat universitetining Matematika-informatika fakultetida “Oʻzbekiston Qahramoni”, Fanlar akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor — Shavkat Ayupov xonasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda matematik va fizik olimlar, professor-oʻqituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talaba-yoshlar, jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

    Mazkur maʼrifat nuri bilan fayzga toʻlgan xonada talaba-yoshlar akademikning aynan oʻzidan uning ilmiy faoliyati, hayot yoʻllari, yutuqlari va tavsiyalarini tinglab, oʻgitlaridan bahramand boʻldilar.