Prezidentimizning 2020-yil 3-dekabrdagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan mazkur muassasa 30 dan ziyod xorijiy va mahalliy oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Institut binosining ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar yangi inshoot meʼmorchilikning ilgʻor yechimlari asosida bunyod etilganini taʼkidlab, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar tibbiy taʼlim sifatini oshishiga xizmat qilishini qayd etdi.
Endi institut 3 ta oʻquv binosi, simulyatsiya markazi, vivariy, ilmiy laboratoriya, 500 oʻrinli anjumanlar zali, 200 oʻrinli oshxona va stadionni oʻz ichiga olgan zamonaviy binoda oʻz faoliyatini davom ettiradi.
Tadbir doirasida muassasaning bir guruh fidoyi ustozlari “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.