Raqamli transformatsiya biznes-jarayonlarga yangicha yondoshuvsiz ilojsiz narsa. “Jizzakh Petroleum” MCHJ ishonchli boshqaruvi asosida “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ (FNQIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan tashkiliy texnologik oʻzgarishlar faoliyatning barcha jabhalariga daxldor boʻlmoqda. Yangi boshqaruv boʻlimi esa ishlab chiqarishni boshqarishning yagona markazi hisoblanib, uning vazifasi qabul qilinayotgan qarorlarning tezligi va samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Texnik modernizatsiya bilan bir qatorda tashkilot oldida jismonan va texnologik jihatdan eskirgan uskunalarni almashtirish, atrof muhitga taʼsirni minimal darajaga tushirish, qaror qabul qilish va raqamli nazorat modellarining maksimal samarador ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga erishish vazifasi turibdi.

FNQIZda yagona boshqaruv markazini yaratish zavod biznes transformatsiyasining qayta ishlash, logistika va sotuv tizimlarida navbatdagi muhim bosqich hisoblanadi. Yoʻlga qoʻyilayotgan yangi tizim real maʼlumotlar asosida va algoritmlarni hamda matematik modellar, eng zamonaviy raqamli tizimlarni qoʻllash orqali biznesni yagona aktiv sifatida boshqarish imkonini beradi.

Bu maqsadlar yoʻlida loyiha ishlab chiqilgan, optik tolali tarmoqni modernizatsiya qilishning zarur sxemasi yaratilgan, zarur uskunalar xarid qilingan. 40 km dan ortiq optik tolali va 45 km UPT-kabel olinib, ularni FNQIZ hududida yotqizish ishlar boshlandi.

 

 

Mazkur loyiha realizatsiyasi ortidan axborot tarmogʻidagi maʼlumotlar uzatish tezligi 2 Mbit/s dan 1 Gbit/s ga qadar oshadi va butun hududni qamrab oladi. Bu zamonaviy tarmoq texnologik va maʼmuriy jarayonlarni boshqarishning avtomatizatsiyalanishiga xizmat qiladi. Tizim xom-ashyo hisob-kitobi, tayyor mahsulot hisob-kitobini umumiy server orqali yuritib, turli xizmatlarga tarqatib beradi. Shuningdek, videokuzatuv tizimi yangilanib, kengaytiriladi. Bu oʻz navbatida ishlab chiqarish jarayonlari va zavodni qoʻriqlash boʻyicha nazoratni kuchaytiradi.

Bundan tashqari zavodda kirishni nazorat qilish va boshqarish tizimi (SKUD) – ishchilar, mehmonlar va transportning hududga kirib chiqishini dasturiy texnik vositalar nazorati va boshqaruv tizimi yoʻlga qoʻyiladi va bu orqali FNQIZdagi “oʻtish nuqtalari”da (eshik, darvoza va nazorat punktlari) toʻla qayd va nazorat ostida boʻladi.

Bu tizimning afzalliklari yuz identifikatsiyasi boʻlib, dastur zavod hududiga kirish huquqiga ega boʻlgan xodimlarni tanib olish bilan birga ish vaqtini hisoblab borish, mehnatga haq toʻlashni hisob-kitob qilish (buxgalteriya hisobotlari bilan uygʻunlashuvi), tashrif buyuruvchilar va xodimlar bazasini yuritish, xodimlarga oshxonada issiq ovqat berish boʻyicha tezkor talabnomalar shakllantirish, xavfsizlik tizimi (videokuzatuv, qoʻriqlash va oʻt oʻchirish signalizatsiyasi) bilan integratsiyalanishdan iboratdir.

 

 

Ishchilar uchun IP telefoniya oʻrnatish jarayoni boshlandi. Bu telefon aloqasini tashkillashtirishda yangi texnologiya boʻlib, sifatli va ishonchli aloqa, istagancha telefon raqamlarini qoʻshish mumkin boʻlgan keng sigʻim imkoniyatini beradi va bu zavod xodimlarining tezkorligini oshiradi.

 

 

Bu jarayonlar ichida videokonferens aloqa ham yoʻlga qoʻyilayotganini alohida taʼkidlash lozim. Mazkur tizim mehnat unumdorligini oshirishda katta rol oʻynaydi va koronavirus pandemiyasi davrida turli hududlardagi hamkasblar bilan muzokaralarda doimiy muloqotni taʼminlaydi.

Ish jarayonini yana-da takomillashtirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida maʼnan eskirgan kompyuterlar va boshqa maishiy texnikalarni yana-da quvvatli hamda zamonaviy dasturiy taʼminotga ega yangilari bilan almashtirish boshlandi. Ayni paytda zamonaviy kompyuter texnikasining 113ta toʻplami xarid qilindi va boʻlimlar oʻrtasida taqsimlab chiqildi.

 

 

Svetodiod ekranlar FNQIZda tobora koʻproq ommalashmoqda va oʻzining amaliy oʻrnini topgan. Zavodning kirish qismida svetodiod ekran oʻrnatilgan, yaqin vaqt ichida tashkilot avtobus bekatida ikkinchisi oʻrnatilishi rejalashtirilmoqda. Bu axborot resursi yordamida xodimlar eʼtiboriga zavod faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni va shu jumladan koronavirus tarqalishiga qarshi kurash boʻyicha muhim maʼlumotlar taqdim etib boriladi.

 

Biznesni boshqarishning prediktiv modeli (prognozlash)ga oʻtish FNQIZga yangi darajaga koʻtarilish va samaradorlik, aktivlar ishonchliligi boʻyicha dunyoning yetakchi tashkilotlari qatorida oʻrin olish imkoniyatini beradi.

Fursatdan foydalanib, “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ maʼmuriyati oʻz xodimlari va butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi bilan samimiy tabriklaydi. Sizga va oilangizga mustahkam sogʻlik, omad, farovonlik va taraqqiyot tilash bilan birga mamlakatimiz energetik xavfsizligini taʼminlashda barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishini bildiradi.

“Fargʻona NQIZ” MCHJ matbuot xizmati