Fargʻona: poyezd ustida selfi tushmoqchi boʻlgan sinfdoshlarni tok urdi

    Shu yilning 17-sentyabr kuni Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida poyezd vagonlari ustida selfi tushmoqchi boʻlgan ikki sinfdoshni tok urdi.

    Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.

    Qayd etilishicha, Fargʻona viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasiga shu yilning 17-sentyabr kuni 13:00 larda hodisa haqida xabar kelib tushdi.

    Xabarga asosan tergov tezkor guruhi tomonidan Buvayda tumaniga qarashli 1-sonli maktabning 2 nafar 10-sinf va 1 nafar 8-sinf oʻquvchilari Uchkoʻprik tumanidagi temir yoʻl bekatiga kelgani, va temir yoʻlni belgilanmagan joyidan kesib oʻtib, taqiqlangan hududga kirgani aniqlangan.

    Maʼlumotlarga koʻra, ular bekatda turgan bugʻdoy tashuvchi poyezd vagonining ustiga chiqib, selfi tushmoqchi boʻlgan vaqtida ikki nafar oʻsmirni yuqori kuchlanishli elektr toki urgan.

    Hodisa oqibatida ikki sinfdosh turli darajada tan jarohatlari olib, bolalar tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga yuborilgan.

    Birinchi bemor bolalar jonlantirish boʻlimiga oʻtkazilgan. Uning tanasi 63 foiz kuygan. Ikkinchi bemorga tananing termik kuyish va oʻng son suyagi sinishi tashxisi bilan tibbiy yordam koʻrsatilgan.