Natijalarga koʻra Fargʻona politexnika instituti dunyo reytingida 801-850-oʻrinda eʼtirof etildi.
2025-yilgi Osiyoning eng yaxshi universitetlari yangi reytingiga Oʻzbekistonning 23 ta oliy taʼlim muassasasi kiritilgan boʻlib, bu mamlakatimiz oliy taʼlimi tarixidagi mutlaq rekord hisoblanadi.
Prezidentimizning 2019-yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hamda 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi toʻgʻrisida»gi farmonlarida mamlakatmizdagi 10 ta oliy taʼlim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy taʼlim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish vazifasi belgilangan. Ushbu natija respublikamiz oliy taʼlim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha belgilangan aniq va maqsadli vazifalarga erishishda yana bir katta qadam boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Aytish kerakki, QS — Osiyo universitetlari reytingi metodologiyasi universitetlarning oʻquv va tadqiqot sifati, xalqaro hamkorlik darajasi, ilmiy nashrlar soni va iqtibos olish koʻrsatkichlarini baholashga asoslanadi.
Fargʻona politexnika instituti dunyoning nufuzli tashkilotlaridan biri QS reyting agentligi tomonidan eʼtirof etilgani institut jamoasi hamda talabalariga faxr va gʻurur bagʻishlaydi va kelgusida bundanda yuqori marralarni zabt etishga undaydi. Shuningdek, boshqa xalqaro nufuzli reytinglarda ham institut oʻrnini yaxshilashda ishlar jadal davom etmoqda.
Maʼlumot uchun, 2025-yilgi Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingi (QS Asia University Rankings 2025) mintaqaning 25 ta mamlakat va hududidan 985 ta oliy taʼlim muassasasini qamrab olgan boʻlib, ulardan 127 tasi ilk bor Osiyo reytingiga kiritilgan.