Farg‘ona shahrida Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi tashkil etiladi

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Farg‘ona shahrida Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

    Unga muvofiq, qishloq xo‘jaligi sohasida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibasi Lola Murotova tomonidan yaratilgan boy tajribani yoshlarga yetkazish orqali qishloq xo‘jaligi sohasida professional va oliy ta’limning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Farg‘ona shahrida Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi tashkil etiladi.

    2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Maktabga umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining 9-sinf bitiruvchilari belgilangan tartibda o‘qishga qabul qilinadi va o‘quv jarayoni boshlang‘ich professional ta’lim dasturlari asosida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.

    Maktabda:

    yuridik shaxs bo‘lmagan “Fermerlar maktabi” tashkil etiladi hamda buyurtmachilar mablag‘lari hisobidan fermerlar malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi;

    ta’lim jarayonini boshqarish, shu jumladan, dars jadvali, o‘quvchilar baholarini qayd qilish, pedagog kadrlar o‘quv yuklamalarini belgilash va guruh jurnallarini yuritish to‘liq raqamlashtiriladi.

    Har yili 1 iyunga qadar Farg‘ona viloyati hokimligining taklifi asosida Maktabga o‘quvchilarni qabul qilish parametrlari belgilangan tartibda shakllantiriladi.

    O‘quvchilarni qabul qilish parametrlariga mos ravishda yuqori malakali mutaxassislar ishga qabul qilinadi hamda ularni soha tashkilotlarida stajirovkadan o‘tkazish ishlari tashkil etiladi.

    Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda muntazam ravishda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 9-sinf bitiruvchilarini qishloq xo‘jaligi sohasidagi kasblarga yo‘naltirish choralari ko‘riladi.

    2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Maktabda:

    tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejasi doirasida “Germaniya tajribasi” asosida o‘quvchilarni qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish joriy etiladi;

    ta’lim jarayonini sifatli tashkil etish va metodik yordam ko‘rsatish uchun Maktab Farg‘ona davlat universiteti biriktiriladi, universitet har o‘quv yili yakuni bo‘yicha kadrlar tayyorlash ustidan tizimli nazorat o‘rnatadi.