Bugun viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fargʻona shahridagi Bolalar poliklinikasi hamda Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutining pediatriya klinik oʻquv bazasi binosining foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etdi.

Viloyat rahbari tibbiyot tizimidagi oʻzgarishlar, islohotlar, mavjud muammolarning birma bir hal boʻlayotganligi toʻgʻrisida toʻxtalib, Fargʻonada Respublikada birinchi boʻlib, shahardagi boʻsh turgan bino negizida 95 ming nafardan ziyod 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga yuqori malakali ihtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatilishi uchun poliklinika tashkil etilganiga eʼtibor qaratdi.

Muassasani taʼmirlash ishlariga “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 750 million soʻm mablagʻ sarflandi.

Poliklinika 944 million soʻmlik zamonaviy tibbiy jihozlar, jumladan raqamli rentgen apparati, ultratovush apparati, stomatologiya, exoelektroensefolograf apparatlari bilan taʼminlangan. 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun barcha tibbiy mutaxassisliklar boʻyicha ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatiladi.

Bundan tashqari, shaharda istiqomat qilayotgan 18 yoshgacha boʻlgan bolalarning elektron bazasi yaratilib, axoliga qulaylik yaratish maqsadida poliklinikada “Elektron navbat” tizimi joriy etilmoqda.
Viloyat rahbari binoda Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutining pediatriya klinik oʻquv bazasi faoliyati ham yoʻlga qoʻyilganligini, xorijlik talabalar bu yerda ham oʻqib, ham amaliyot orqali tajriba orttirishlarini aytib oʻtdi.

Shundan soʻng ramziy tasma qirqilib, tadbir ishtirokchilari poliklinika va klinik oʻquv bazasi faoliyati, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Xayrullo Bozorov binoning 4 qavatida joylashgan oʻquv xonalarini koʻzdan kechirib, xorijlik talabalar bilan suhbatlashdi. 150 ga yaqin horijlik talabalar tahsil olayotgan Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida hozirda yangi binoda alohida kafedra tashkil etilgan. Talabalarga 19 nafar oʻz sohasining mutaxassislari boʻlgan malakali professor-oʻqituvchilar shu jumladan besh nafar pokistonlik mutaxassislar bilim sirlarini oʻrgatishmoqda.

Shu yerda viloyat rahbari Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tomonidan taklif etilgan va xorijlik hamkorlar ishtirokida qurilishi rejalashtirilgan yangi tibbiyot maskanlari loyihalari bilan ham tanishdi. Ularni qoʻllab-quvvatlab, amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan zarur koʻrsatma va topshiriqlar berdi.