Dastlabki ish kuni rejasiga koʻra, SHHTga aʼzo davlatlar milliy koordinatorlari tashkilotning Davlat rahbarlari kengashi va boshqa Nizom organlarining boʻlajak majlislariga tayyorgarlik koʻrish masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashdilar.

–Yuzma-yuz muloqot uchun Fargʻona viloyati tanlangani bejiz emas,-dedi Oʻzbekiston Respublikasining SHHT ishlari boʻyicha milliy koordinatori Rahmatillo Nurimbetov. – Markaziy Osiyo gavhari sifatida eʼzozlanadigan Fargʻona viloyati tarixiy-madaniy yodgorliklari, ezgu qadriyat va anʼanalari orqali Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan qardosh mamlakatlar hayotida muhim ahamiyatga ega.

Bu galgi uchrashuvlar jarayonida SHHTning Samarqanddagi Sammitida qabul qilinishi kutilayotgan hujjatlar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda diplomatiya, savdo-iqtisodiy, transport-logistika masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilari uchun viloyatning tarixiy-madaniy yodgorliklari boʻylab maroqli sayohat, ekoturizm, agroturizm, gastronomik turizm yoʻnalishlarida uchrashuvlar tashkil etish koʻzda tutilgan.

SHHT Milliy koordinatorlari kengashining Fargʻonadagi yigʻilishi 28-aprel kuniga qadar davom etadi.

Rasuljon Kamolov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.