Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona tumanida bo‘lib, malina plantasiyasini tashkil etish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarga start berdi. Malinachilik plantasiyasi loyihasida yirik investisiyalar bilan ishtirok etish istagida bo‘lgan tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazildi.
Meva-sabzavot yetishtirish hamda qayta ishlash sohasida katta tajribaga ega tadbirkor Orifjon Jumaev, 100 gektar maydonda malinachilik klasteri tashkil etish bo‘yicha o‘z loyihasi yuzasidan ma'lumot berdi. Buning uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6-7 million dollar mablag‘ yo‘naltirishga tayyor ekanini qayd etgan tadbirkor, malina yetishtirish, uni saqlash, qayta ishlash hamda eksportga jo‘natishni o‘z ichiga olgan tizimni shakllantirish istagida ekanini ma'lum qildi.
40 gektar maydonda umumiy qiymati 20,9 milliard so‘m bo‘lgan malina yetishtirish hamda qayta ishlash majmuasini barpo etish loyihasini taqdim etgan turkiyalik tadbirkor Rasim Kachar, malina yetishtirishda mahalliy navlar bilan birga Turkiyaning malina yetishtirishga ixtisoslashgan Mersin viloyatidan tikansiz ko‘chatlardan olib kelish, ularni keyinchalik mahalliylashtirish, shuningdek, malina yetishtirishda an'anaviy usullardan voz kechgan holda 3 metr oraliqlarda malina qatorlarini joylashtirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Bugungi kunda mahalliy malina yetishtiruvchilarda hosildorlik gektariga 5-8 tonnani tashkil etishini, zamonaviy agrotexnik usullarda bu raqamni 25 tonnagacha yetkazish mumkinligini qayd etdi.
Malinachilik plantasiyasini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni tezkor hal etishda tadbirkorlarga hamda dehqonlarga ko‘maklashish maqsadida Viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbari Azizbek Hakimov rahbarligida shtab tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.