Fargʻona tekstil mahsulotlarini Germaniya va Yevropa bozorlariga olib chiqish imkoniyatlari kengayadi

    Biznes 20 Oktabr 2022 2085

    Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Germaniya trikotaj ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi (Gesamtmasche) hamda Sequa xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tashkiloti vakillarini qabul qildi.

    Uchrashuvda Fargʻona paxta-toʻqimachilik sanoati mahsulotlarini Germaniya va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, buning uchun viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

    Muloqotda Oʻzbekiston va Germaniya munosabatlari turli yoʻnalishlarda mustahkamlanib borayotgani, xususan, Fargʻona viloyati bilan Germaniya oʻrtasida hamkorlik aloqalari delegatsiyalar tashrifi doirasida yaxshi yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi.

    Germaniya trikotaj ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi bosh menedjeri Silvia Jangbauyer, Germaniya tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha orqali zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan ishchi-mutaxassislarni oʻqitish, viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan tayyor tekstil mahsulotlarini sertifikatlash, xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni oshirish jarayonlarida uchrayotgan mavjud muammolarga yechim topishda amaliy koʻmak koʻrsatish maqsad qilinganiga eʼtibor qaratdi.

    Viloyat rahbari Xayrullo Bozorov taklifi bilan germaniyalik tadbirkorlarni Fargʻona viloyatiga olib kelish, toladan tayyor mahsulotgacha boʻlgan zamonaviy ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishda ular bilan hamkorlik boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tez fursatlarda hamkorlik kelishuvini imzolash rejalashtirildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.