Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.
Tekshiruvda fuqaro A.F va boshqalar tadbirkor A.ning ishonchiga kirib, unga Fargʻona tumani “Qoʻrgʻontepa” MFY hududidan 22 gektar ekin yer maydonini intensiv bogʻ tashkil etish uchun olib berish evaziga 68 000 AQSH dollarini qoʻlga kiritganligi aniqlanib, ushbu olgan pullari hisobidan 500 AQSH dollarini qaytarganligi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, A.F. boshqa bir fuqaro D.ga Fargʻona tumanidan 10 gektar ekin yer maydoni olib berish evaziga 10 000 AQSH dollarini qoʻlga kiritib, shundan 5 700 AQSH dollarini qaytarmasdan kelayotganligi aniqlangan.
Shu kabi Rishton tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro R.M. va boshqalar “D.” fermer xoʻjaligiga qarashli 10 sotix ekin yer maydonini hujjatlarni soxtalashtirish orqali fuqaro J.ning nomiga turar-joy sifatida kadastr yigʻma jildi rasmiylashtirib berganligi aniqlangan.
Shuningdek, R.M. fuqarolar B. va A.ning ishonchiga kirib, ularga tanishlari yordamida tuman hududidan uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib berish evaziga 100 mln soʻm va 6 000 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.