Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Oʻzbekiston va Qirgʻiziston xalqlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi hamda savdo va iqtisodiy masalalarida qilgan xizmatlari uchun Qirgʻiz Respublikasining “Dank” ordeni bilan taqdirlandi.
Bugun Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimida mazkur mukofot Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov tomonidan viloyat hokimiga topshirildi.
— Oʻzbekiston Respublikasi Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovni “Dank” ordeni bilan taqdirlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Maʼlumki, u qoʻshni Batken va Fargʻona viloyatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda katta rol oʻynagan. Uning qirgʻiz va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash, ikki davlat tadbirkorlarining oʻzaro hamkorligini qoʻllab-quvvatlashga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidlamoqchiman. Zero, “Qoʻshnisi yaxshi boʻlganning hovlisi tinch”, deb bejiz aytilmagan, — dedi Sadir Japarov.