Fargʻona viloyati hokimi talabalar bilan uchrashdi

    Shu yilning 30-iyul kuni Fargʻona viloyati hokimi Fargʻona politexnika institutida talabalar bilan uchrashib, institut faoliyati bilan, ilmiy-innovatsion ishlanmalar, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

    Uchrashuvda, viloyat hokimi ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida institut qoshida tashkil etilgan, qurilish va arxitektura sohasida xizmat koʻrsatuvchi “FARPI HITECH ENGINEER” unitar korxonasi faoliyatini oʻrgandi.

    — “Bino va inshootlarni loyihalash”, “Qurilish sinov laboratoriya”, “Geolaboratoriya”, “Geo-topografik loyihalash” hamda “Bino va inshootlar konstruksiyalarining zilzilabardoshligini baholash” kabi ilmiy tadqiqot markazlarini oʻz ichiga olgan, — deydi instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori Shohrux DAVLYATOV. — Hozirda institutning innovatsion jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tashkil etilgan ushbu korxona tomonidan 22 ta litsenziyalangan xizmat turlari koʻrsatilmoqda.

    Shuningdek, viloyat rahbari “Ijtimoiy soha obyektlari loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda BIM texnologiyalarini joriy etish” “Mavjud soy va kanallar potensialidan foydalanib, MikroGESlar oʻrnatish samaradorligi”, “Sunʼiy intellektdan foydalanib, energiya samaradorligini oshirish”, “Hududlarni toza suv bilan taʼminlash” kabi bir necha ilmiy-innovatsion loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi.

    Uchrashuv davomida viloyat hokimi, FarPI mutaxassislari tomonidan ilmiy asoslar bilan ishlab chiqilgan, viloyat boʻylab 230 ta MikroGES oʻrnatishni koʻzda tutgan loyihani amaliyotga tatbiq etish, har bir MikroGES boʻyicha aniq biznes reja ishlab chiqib, ularga investorlarni jalb qilish boʻyicha ish tashkil qilish boʻyicha masʼullarga koʻrsatma berdi.

    Uchrashuv soʻngida viloyat hokimi Xayrulla Bozorov institut professor-oʻqituvchilari va talabalari tomonidan yaratilgan innovatsion qurilmalarni ham koʻzdan kechirib, ularni samaradorligini oshirish hamda iqtisodiyotga tatbiq etishni kengaytirish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.


    Hamkorlik material