Fargʻona viloyati iqtisodiy salohiyatining rivojlanishi tahlil etildi

    Mamlakatimizda 11 May 2022 1217

    Fargʻona viloyati iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqilyapti.

    Joriy yil 10-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi ishchi guruh Fargʻona viloyatining ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanishning bugungi holatini oʻrganish hamda uning investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyatidan foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun ushbu hududga joʻnab ketdi.

    Safar davomida ishchi guruh aʼzolari bir qator ishlab chiqarish obyektlarida boʻlib, texnologik jarayon bilan tanishdi va loyihalar tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Muloqotda tadbirkorlarning hududda faoliyatini kengaytirish, qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksportga yetkazib berish istiqbollari muhokama qilindi.

    Viloyatning iqtisodiy salohiyati qator sohalarda ishga solinmay qolayotgani, shu bois tuman va mahallalar kesimida ustuvor tarmoqlarda sanoatni rivojlantirish uchun mavjud zaxira va imkoniyatlarni oʻrganish hamda qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish boʻyicha ishlarni faollashtirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

    Investitsiyalarni jalb qilish hamda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish oʻrinlari yaratishga yoʻnaltirilgan yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutgan holda ayollar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Uchrashuvlarda tadbirkorlar ishlab chiqarish faoliyatini olib borish jarayonida duch kelayotgan muammolarni koʻtarib chiqdilar. Bildirilgan barcha masalalar atroflicha oʻrganildi, ularni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi va masʼul rahbarlarga tegishli koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.