Fargʻona viloyati tadbirkorlari va eksportchilariga koʻmak beriladi

    Biznes 6 May 2022 1598

    Joriy yil 5-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Fargʻona viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holatini oʻrganish va uni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida ushbu hududga yoʻl oldi.

    Viloyatga tashrif davomida Fargʻonadagi “Tadbirkorlar saroyi”da hudud ishbilarmonlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda viloyat tadbirkorlari va eksportchilari xoʻjalik faoliyati jarayonida duch kelayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.

    Tadbirda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish va eksport qilish jarayonida duch kelingan xususiy va tizimli tusdagi masalalarni muhokamaga qoʻyish imkoniga ega boʻlgan 300 dan ortiq tadbirkorlar qatnashdi.

    Bunday masalalar doirasiga asosan investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlari va tijorat banklari tomonidan eksport qiluvchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, yer uchastkalari, boʻsh bino va inshootlarni ajratish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish, ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur boʻlgan turli sertifikat va ruxsatnomalarni olish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bilan bogʻliq muammolar hamda boshqa dolzarb masalalar kiradi.

    Har bir muammo viloyatning tuman va shaharlaridagi tegishli vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarini jalb etgan holda oʻrganilib, tahlil qilindi. Ularni amaliy hal etish mexanizmlari ishlab chiqilib, ijro etish muddatlari aniq belgilangan holda kompleks yechimini taʼminlash boʻyicha tegishli rahbarlarga manzilli koʻrsatmalar berildi.

    Tizimli xarakterdagi muammoli vaziyatlarni hal qilish tajribasi Hukumat komissiyasi darajasida aniq algoritmlarni yoyish va keyinchalik ularni mamlakatning boshqa hududlarida joriy qilish uchun qabul qilindi.

    Uchrashuv davomida tadbirkorlarning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha konstruktiv takliflari ham batafsil koʻrib chiqildi, ularning aksariyati oʻrganish, tahlil qilish va kelgusida hayotga tatbiq etish uchun qabul qilindi.

    Uchrashuv ishtirokchilari toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotning ushbu formatini mamnuniyat bilan qabul qilib, hukumat vakillari va biznes olami oʻrtasidagi muntazam muloqot ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish hamda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladilar.

    Uchrashuv ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tarzda uzatildi. Bu tadbirkor va eksportchilarga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifalari orqali Hukumat komissiyasi rahbariyatiga oʻz savollarini masofadan turib yoʻllash imkonini berdi. Barcha kelib tushgan murojaatlar oʻzining aniq yechimlarini topib, nazoratga olindi.

    Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga ishbilarmon doiralar bilan doimiy va tizimli hamkorlik qilish borasida faol choralarni koʻrish, yuzaga keladigan barcha masalalarni zudlik bilan hal qilish va kelib tushayotgan murojaatlarga samarali javob berish yuzasidan topshiriqlar berildi.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha mutasaddi rahbarlarga belgilangan masalalarni hal qilish boʻyicha manzilli vazifalar yuklatildi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi belgilangan vazifalarning bajarilishini nazorat qiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.