Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida yongʻin sodir boʻldi

    Yongʻinda XIX asrga oid masjid eshigi hamda qadimiy miltiqning qoʻndogʻi yonib zarar koʻrgan.

    Prokuratura organlari tomonidan Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida sodir boʻlgan yongʻin holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda.

    Dastlabki tekshiruvda 2024-yil 11-aprel kuni mazkur muzeyning ikkinchi qavatida yongʻin kelib chiqishi oqibatida muzey ekspozitsiyasida namoyishga qoʻyilgan XIX asrga oid masjid eshigi hamda qadimiy miltiqning qoʻndogʻi yonib zararlangani aniqlangan.

    Hozirda mutaxassislar ishtirokida tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda, natijasi yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinib, qoʻshimcha ravishda maʼlumot beriladi.

    Tekshiruv harakatlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.