Farg‘ona viloyati va Sverdlovsk oblasti o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik kelishuvi imzolandi

    Biznes 25 Aprel 2023 1238

    Farg‘ona viloyati va Sverdlovsk oblasti o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-gumanitar va boshqa sohalarni qamrab oluvchi hamkorlik kelishuvi imzolandi.

    Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk oblasti gubernatori yevgeniy Kuyvashev boshchiligidagi delegatsiyaning Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasidagi asosiy rasmiy tadbirlar ikki viloyat rahbarlar va rasmiylarining kengaytirilgan uchrashuvi bilan boshlandi.

    Farg‘ona viloyati va Sverdlovsk oblasti o‘rtasida hududlararo amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy, madaniy, turizm va ko‘plab sohalarda keng ko‘lamli aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    yekaterinburgda viloyatimiz ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini targ‘ib qiluvchi «Farg‘ona Savdo uyi»ni ochish, viloyatimiz sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Sverdlovsk viloyatiga eksporti hajmini oshirish, Farg‘ona va yekaterinburg shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, texnologik yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlashda ikki viloyat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlar tashkil etish, madaniyat va turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro sport musobaqalarini o‘tkazish, shuningdek, ikki viloyatda bo‘lib o‘tadigan sanoat, turizm va boshqa ko‘rgazmalarda tadbirkor va ishbilarmonlarning o‘zaro ishtirokini ta'minlash kabi mavzular kun tartibidan o‘rin oldi.

    Hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Farg‘ona va yekaterinburg o‘rtasida birodarlashgan shaharlar kelishuvini imzolash borasida ish tashkil etishga ham kelishildi.

    Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati hokimligi va Sverdlovsk oblasti hukumati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-gumanitar va boshqa sohalarni qamrab oluvchi Hamkorlik Kelishuvi imzolandi.

    Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Sverdlovsk oblasti gubernatori yevgeniy Kuyvashev tomonidan imzolangan kelishuvga asosan ikki viloyat o‘rtasida sanoat, savdo, qishloq xo‘jaligi, fan va texnologiya, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm, sport, investitsion va innovatsion faoliyat sohalarida keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar beradi Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.