Fargʻona viloyati va Yaponiya oʻrtasida aloqalar yangi bosqichga chiqadi

    Xalqaro hamkorlik 7 Aprel 2021 531

    Fargʻona viloyatiga amaliy tashrif bilan kelgan Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fudjiyamu tashrif dasturi doirasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashdi.

    Muloqot davomida mustaqilligimizning ilk yillaridan boshlab jadal rivojlanib borgan ikki davlat munosabatlari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilda Yaponiyaga rasmiy tashrifidan soʻng yangi bosqichga koʻtarilganligi eʼtirof etildi.

    Ushbu tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar natijasida Rishton tumanida Yaponiyaning Maydzuru shahri bilan hamkorlikda umumiy qiymati 2 million dollarlik 2 ta issiqxona majmuasini yaratish boʻyicha pilot loyiha hamda choy plantatsiyasini tashkil etish loyihasi ustida ish ketmoqda. Uchrashuv chogʻida ushbu loyihalarning hayotga tatbiq etilish jarayonlari haqida ham soʻz bordi.

    Rishton tumanidagi Rishton-Yaponiya madaniy iqtisodiy aloqalar markazi qoshidagi Noriko-Gakkyu til maktabi 1998-yildan to bugungi kunga qadar 3 000 nafarga yaqin yoshlarga yaponiyalik koʻngilli oʻqituvchilar tomonidan beminnat yapon tili va madaniyatini oʻrgatib keladi. Markazda tahsil olgan 160 nafardan ortiq yoshlar Yaponiyadagi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilingan. Yoshinori Fudjiyamu bu yerda tashkil etilgan imkoniyatlar uchun oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Ushbu maktabni kengaytirish, zamonaviy oʻquv jihozlari bilan taʼminlash, oʻquvchilarni yapon tiliga oʻqitish bilan bir qatorda Yaponiya talablariga mos shaklda yapon mutaxassislari tomonidan kasb-hunarga oʻqitishni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

    Yaponiya elchisi kecha Qoʻqon shahridagi yapon fuqarolari qabristonini ziyorat qilganini aytib, qabristonni obodonlashtirish va saqlash borasidagi ishlar, u yerdagi obodlik uchun tashakkur izhor etdi.

    Yoshinori Fudjiyamu shu kuni “Fargʻona issiqlik elektr markazi” AJ da ham boʻldi. Bu yerda Yaponiyaning “Kawasaki Heavy Industries” hamda “Marubeni Utility Services”, Indoneziyaning “Yevr Euroasiatic” kompaniyalari bilan hamkorlikda bugʻ qozonida yuqori samarali kogeneratsion gaz turbinali qurilmalarni joriy etish loyihasi yakunlari bilan tanishdi.

    Qiymati 83,6 million dollar boʻlgan modernizatsiya ishlari Yaponiyaning yangi energetik va sanoat texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha tashkilotining (NEDO) 49,5 million dollarlik granti va “Oʻzbekenergo” mablagʻlari hisobidan amalga oshirildi.

    Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fudjiyamu Fargʻona shahridagi Yaponiyaga ishga joylashtirish bilan shugʻullanuvchi qoʻshma korxona shaklidagi Mirai Recruitment Agency xususiy bandlik agentligi hamda agentlik qoshidagi “Mirai education Center” oʻquv markazi faoliyati bilan ham tanishdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    Yaponiyada mehnat stajirovkasini tashkillashtirish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida 2018-yilda tashkil etilgan ushbu muassasa, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi sohalari, qariyalarni parvarishlash boʻyicha ijtimoiy xizmatlar va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari boʻyicha Yaponiyaga ishga yuboriladigan mutaxassislarni tayyorlash bilan shugʻullanadi.