Fargʻona viloyatida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 15 Iyun 2022 1591

    Fargʻona shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boʻlib oʻtdi. Tadbirning ochilish marosimida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov ishtirok etdi.

    Yarmarka uchun “SAMO” sport majmuasining 2,8 ming kvadrat/metr yopiq va 1,7 ming kvadrat/metr ochiq maydonlaridan foydalanildi. Tadbirda toʻqimachilik, charm-poyabzal, mebel, neft-gaz, elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi sohalarga ixtisoslashgan 1 800 dan ziyod Oʻzbekiston korxonalari, hunarmandlar, shuningdek, Tojikiston va Qirgʻizistondan tadbirkorlar qatnashdi.

    Ishtirokchilar tomonidan umumiy ovqatlanish korxonalari uchun qurilmalar, laboratoriyalar va tibbiyot uchun mebel, suv nasoslari va ular uchun ehtiyot qismlar, sunʼiy (sintetik) tola, rentgen tibbiyot uskunalari, binolar fasad qismi uchun qoplamalar, tabiiy pardozbop toshlar (aglomerat), 3D formatdagi gilamlar, turli sanoat filtrlari, elektroskuter, aqlli avtonom mobil svetofor, yirik hajmdagi kamerali muzlatkich, koʻchma doʻkonlar, inkubatorlar kabi 14 turdagi yangi mahsulotlar namoyish etildi.

    Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida B2B tarzida tashkil qilingan uchrashuv va muzokaralar Qirgʻiziston va Tojikistondan tashrif buyurgan 40 dan ortiq ishbilarmonlar bilan oʻzaro manfaatlar kesishadigan nuqtalarni topishga imkon berdi.

    Yarmarkada kichik va oʻrta biznesni davlat xaridlariga jalb etish maqsadida maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash va boshqa byudjet tashkilotlaridan byudjet buyurtmachilarining vakillari taklif etildi.

    Koʻrgazmaga tashrif buyuruvchilar uchun Fargʻona viloyat hokimligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Oʻzeltexsanoat”, “Oʻzcharmsanoat”, “Oʻzqurilishmateriallari” uyushmalari, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Imkon plast” MCHJ, Texnopark MCHJ (Prolayn), Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda ishlab chiqarishda asosiy tendensiyalarni shakllantiruvchi qator kompaniyalar tomonidan tegishli tarmoqlarning investitsiyaviy va sanoat salohiyati, mamlakatimizning turli hududlarida ishlab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek, tadbirkorlar va eksportchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida taqdimotlar oʻtkazildi.

    Investorlar bilan aniq mavzularda muzokaralar olib borish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Fargʻona viloyatining tabiiy, infratuzilmaviy va boshqa ustuvor jihatlarini hisobga olgan holda 3,1 milliard dollarlik 240 istiqbolli investitsiyaviy loyiha ishlab chiqildi va taqdim etildi.

    Yarmarka yakunlari boʻyicha Elektron kooperatsiya portali orqali 272,4 milliard soʻmlik 779 ta shartnomalar tuzildi, shundan hududiy korxonalar tomonidan mahsulot sotib olish boʻyicha 109,2 milliard soʻmlik 140 ta, hamda mahsulot yetkazib berishga doir 257,2 milliard soʻmlik 648 ta shartnoma tuzildi. Bundan tashqari, yarmarka davomida umumiy qiymati 10916,67 million soʻmga teng boʻlgan 14 ta hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.