Taʼkidlash kerakki, keyingi yillarda Fargʻona viloyatida kichik biznes va tadbirkorlik sohalarida salmoqli natijalarga erishilmoqda. Raqamlarga eʼtibor qaratilsa, 2018-2019-yillarda viloyatda 3780 ta yangi kichik biznes subyektlari roʻyxatga olingan boʻlsa, 2020-yilda pandemiya sharoitiga qaramasdan 8 mingdan ziyod tadbirkorlar faoliyat boshlagan. Yaʼni ularning soni 2,2 barobar ortgan. Joriy yilning oʻzida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 14 mingdan ortiq ish oʻrni yaratildi, natijada mahalliy byudjetga qoʻshimcha 10,3 mlrd. soʻm mablagʻ kelib tushishiga erishildi.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar faol qatnashayotgan “Tashabbus” koʻrik-tanlovining muntazam oʻtkazib kelinishi ham kichik biznes va ishbilarmonlikni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashda qoʻl kelmoqda. “Tashabbus-2021”ning bu yilgi tuman-shahar bosqichlarida 1678 nafar xoʻjalik subyektlari qatnashib, gʻolib boʻlgan 100 nafarga yaqin tadbirkor va hunarmandlar viloyat bosqichida ishtirok etishdi.

Koʻrik-tanlvoning respublika bosqichida viloyatimiz sharafini munosib himoya qilgan fargʻonalik “tashabbuschilar” nomini alohida taʼkidlab oʻtish oʻrinli. Xususan, “Sayqal” ishlab chiqarish korxonasi, “Umid”, “Kamrax” fermer xoʻjaliklari, Abdugʻani Abdullayev, Turgʻunboy Mirzaahmedov kabi usta-hunarmandlar, Alisher Nazirov, Mirzomasxar Akramov singari naqqosh va kulollar Prezident sovgʻasi sifatida yengil avtomashina sohibiga aylanishgan edi.

Shunday qilib, “Tashabbus-2021” koʻrik-tanlovining Fargʻona viloyati bosqichi gʻoliblari eʼlon qilindi:

“Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” – “Hamza ekspo art tekstil” XK rahbari Gʻayrat Qosimov (Oltiariq tumani);

“Xizmat koʻrsatish sohasi boʻyicha yilning eng yaxshi tadbirkori” – “Fargʻona tibbiyot fayzi” XK rahbari Anvar Islombekov (Fargʻona shahri);

“Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” – “Mehrigiyo” XK rahbari Xondamir Nuritdinov (Uchkoʻprik tumani);

“Yilning eng yaxshi fermeri” – “Gʻofforjon nurli kelajak” FX rahbari Orzuxon Nurboyeva (Oltiariq tumani);

“Yilning eng yaxshi hunarmandi” – “Ismoiljon gilamlari” xususiy korxonasi rahbari Ibrohimjon Sultonov (Qoʻshtepa tumani).

Shuningdek, hakamlar tomonidan koʻrik-tanlvoning boshqa nominatsiyalari gʻolib va sovrindorlari ham aniqlandi.

Barcha gʻoliblar va sovrindorlarga viloyat hokimligining faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari tantanali tarzda topshirildi.

Taniqli sanʼatkorlar va xushovoz xonandalarning diltortar kuy-qoʻshiqlari marosimga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Rasuljon Kamolov.