Fargʻona viloyatiga B+ darajasidagi “barqaror” prognozli kredit reytingiga ega boʻldi

    Mamlakatimizda 14 Iyun 2022 2219

    Standard & Poorʻs xalqaro reyting agentligi (S&P Global Ratings) Fargʻona viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini B+ darajasida “Barqaror” deb baholadi.

    2022-yil 3-iyun kuni eʼlon qilingan S&P Global Ratings hisobotida viloyat byudjetining yuqori koʻrsatkichlari hamda tijoriy qarzdorlikning mavjud emasligi alohida eʼtirof etilib, kelgusi uch yil davomida viloyat byudjeti oshirib bajarilishi bashorat qilingan.

    Qolaversa, agentlik ekspertlari fikriga koʻra, qarzdorlik darajasi deyarli nolga teng ekani natijasida viloyatning likvidlik koʻrsatkichlari yuqori boʻlishda davom etadi.

    Shuningdek, viloyatning 2019-yildan boshlab moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlari hamda 2024-yilgacha boʻlgan moliyaviy-iqtisodiy holati prognozi boʻyicha qilingan tahlillarga koʻra, reyting agentligi tomonidan Fargʻona viloyati kelgusi 12 oy ichida markaziy hukumatdan transferlar hisobiga kuchli byudjet koʻrsatkichlarini saqlab qolishi va oʻrta muddatli istiqbolda qarzga mutlaq ega boʻlmasligiga ishonch bildirildi.

    B+ reyting koʻrsatkichi dunyoda iqtisodiy holati barqaror va moliyaviy jihatdan qarzdorligi boʻlmagan hamda sogʻlom investitsion muhitga ega boʻlgan hududlarga berilib, oʻsha hududning xalqaro doiradagi holati ijobiy pogʻonada ekanligini bildiradi.

    Maʼlumot uchun, S&P Global Rating xalqaro reyting agentligi tomonidan Turkiya, Bahrayn, Iordaniya va Eron kabi mamlakatlar kredit reytinglari ham aynan B+ darajasida baholangan.

    Agentlikning taʼkidlashiga koʻra, ctatistik koʻrsatkichlarda viloyatning iqtisodiy salohiyati yildan yilga sezilarli miqdorda koʻtarilgan va buning isbotini viloyatning turli sohalarda qayd etayotgan natijalarida kuzatish mumkin. Kelgusida, yaʼni 12 oydan soʻng, Fargʻona viloyatida faoliyat yuritayotgan institutsional tizimning yaxshilanishi yoki mintaqaning boylik darajasi koʻrsatkichlari koʻtarilishi shunday surʼatda davom etsa, reyting yana bir darajaga yuqorilashi qayd etildi.

    Fargʻona viloyatida 2017-2021-yillarda yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 228,1 % ga oʻsib, 2021-yil yakuni bilan 47,3 trln. soʻmni tashkil etdi. (Yillar kesimida olib qaraganda: 2017-yil – 20,7 trln. soʻm, 2018-yil – 27,7 trln. soʻm, 2019-yil – 32,7 trln. soʻm, 2020-yil – 37,6 trln. soʻm, 2021-yil – 47,3 trln. soʻm). 2022-yilda bu koʻrsatkich 53,7 trln. soʻmga teng boʻlishi kutilmoqda.

    Sohalar boʻyicha tahlil qilganda, 2017-yilda 9,7 trln. soʻm boʻlgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2021-yilda 2,86 barobarga oshib 27,8 trln. soʻmga yetgan, 2022-yilda 32,9 trln. soʻmga yetishi kutilmoqda. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi 5 yil davomida 2,2 barobar oʻsish qayd etib, 12,7 trln. soʻmdan 28,1 trln. soʻmga ortdi, joriy yilda esa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmini 31,9 trln. soʻmga yetkazish rejalashtirilgan.

    Ijobiy xalqaro reyting koʻrsatkichiga erishishda viloyatda faol oʻzlashtirilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi va jadal tashqi savdo dinamikasi ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

    Fargʻona viloyatiga jalb etilgan toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi yildan yilga oshib bormoqda. Viloyatga oʻtgan 2021-yilda 2017-yilga nisbatan 16,5 barobardan koʻp xorijiy investitsiya kirib kelishiga erishildi. (2017-yilda 31,1 million dollar, 2021-yilda 512,3 million dollar). Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2022-yilning yanvar–may oylarida oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi esa 411 mln. dollarni tashkil etdi, oʻsish koʻrsatkichi 2021-yilning mos davriga nisbatan 2,8 barobarga ortdi. 2022-yil yakuni boʻyicha 1 mlrd. dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etish rejalashtirilmoqda.

    2021-yilda Fargʻona viloyati eksporti hajmi 756,3 million dollarga teng boʻldi. 2017-yilga nisbatan olganda, 319 million dollarga (173%), 2020-yilga nisbatan esa 202,1 million dollarga yoki 36,4 foizga teng oʻsish qayd etildi. Fargʻona viloyati tadbirkorlari tomonidan yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar dunyoning 70 dan ziyod mamlakatlariga eksport qilinmoqda. 2022-yil davomida 1 mlrd. 100 mln. dollarlik sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    Yaratilayotgan qulay investitson muhit natijasida Fargʻona viloyatida xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni ham yil sayin ortib bormoqda. Fargʻona viloyatida roʻyxatdan oʻtgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 2017-yilda 184 tani, 2018-yilda 253 tani, 2019-yilda 388 tani tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda ular soni 444 taga, 2021-yilda 535 taga, 2022-yil may holatiga esa 552 taga yetdi.

    Bunday korxonalar soni eng yuqori boʻlgan davlatlar orasida Xitoy yetakchilik qilmoqda – 128 ta korxona. Keyingi oʻrinlardan 123 ta korxonaga ega Rossiya va 63 ta korxonaga ega Turkiya joy oldi. Shuningdek, xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni boʻyicha Koreya Respublikasi va Qirgʻiziston ham yetakchi beshtalikdan joy olgan: mos ravishda, 42 ta va 40 ta.

    Ishonch bilan aytish mumkinki, S&P Global Rating xalqaro reyting agentligi tomonidan Fargʻona viloyatiga berilgan B+, yaʼni “barqaror” kredit reytingi darajasi viloyatga investorlar va boshqa moliya tashkilotlarini jalb qilib, kirib kelayotgan investitsiyalar oqimini jadallashtiradi. Agentlikning reyting va indekslari orqali viloyatning makroiqtisodiy siyosati va koʻrsatkichlari haqida ochiq maʼlumotlar taqdim etilganligi investorlar uchun viloyatga investitsiya kiritish boʻyicha qaror qabul qilish jarayonini osonlashtiradi va katta investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlar eshigini keng ochadi.