Fargʻona viloyatiga hokim tasdiqlandi

    Hukumat 5 Fevral 2021 8226

    Fargʻona shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtmoqda.

    Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

    - Bu yerga kelishdan oldin koʻp-koʻp tahlil qildik. Kelib-ketish oson. Lekin 4 millionlik viloyat aholisiga nima manfaat boʻladi, degan savol koʻndalang turibdi. Shuning uchun bir oydan beri tayyorgarlik koʻryapmiz. Kecha tumanlarda yurib, odamlar bilan gaplashdim. Fargʻonaning ertasi nima boʻladi, deb kechasiyam oʻylab chiqdim. Koronavirus kasalligi yonimizda yurgandek, iqtisodiy xavf-xatar ham yonimizda yuribdi. Dunyodagi inqiroz hamma davlatlarga taʼsir qildi. Bozor topish - azob boʻlib ketdi. Shuning uchun yangi “oʻsish nuqtalari”ni shakllantirib, imkoniyatlarni toʻliq ishga solishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Davlat rahbari 2020-yil sentyabr oyidan buyon Fargʻona viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Xayrullo Bozorov nomzodini Fargʻona viloyati hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

    X.Bozorov mehnat faoliyatini 1995-yilda soliq inspektori sifatida boshlagan. 2007-2015-yillarda Namangan viloyati hokimining ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari, Uchqoʻrgʻon, Chust va Mingbuloq tumanlari hokimi boʻlib ishlagan. 2015-2020-yillarda Namangan viloyatini hokimi boʻlgan. Oʻtgan yili Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

    - Men Xayrulla Bozorovni koʻp yillardan beri bilaman. Uchta tumanda, viloyatda hokim boʻlib ishlagan. Juda tajribali, hozirgi zamonga munosib, xalqparvar, kamtar inson. Toʻrt oydan beri hokim vazifasini bajaruvchi sifatida sizlarning ham sinovingizdan oʻtdi. Fargʻonaga mana shunday bilimli, tajribali odam kerak, - dedi davlat rahbari.

    Xalq deputatlari, nuroniylar, yoshlar soʻzga chiqib, nomzodni qoʻllab-quvvatladi. Ovozga qoʻyish natijalariga koʻra, Xayrullo Bozorov Fargʻona viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

    Prezident tumanlardagi mutasaddilarning ish uslubi, joylardagi muammolarga ham toʻxtalib oʻtdi.

    - Agar rahbar oddiy, samimiy boʻlib, “yerda” yurib, xalqning dardini bilib, ogʻirini yengil qilsa, uning hurmati oshadi. Faqat stolda oʻtirib, mashinada yurish bilan obroʻ oshib qolmaydi. Mening eng katta tashvishim - quyi pogʻonadagi, tuman miqyosidagi rahbarlar oʻziga masʼuliyat olmayapti. Bor imkoniyatdan toʻgʻri foydalanib, faollar birlashib, koʻp masalalarni tuman, mahallaning oʻzida hal qilsa boʻladi. Hokim halovatga intilmasligi kerak, oʻzini ishga bagʻishlashi kerak, - dedi Prezident.

    Yigʻilishda xizmat vazifasini yetarli darajada bajarmagani uchun Quva, Oʻzbekiston va Yozyovon tumani hokimlari hamda ayrim sektor rahbarlari lavozimidan ozod etilgani aytildi.

    Ayni paytda Prezident viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallabay tizimda aholi turmush sharoitlarini yaxshilash vazifalari boʻyicha maʼruza qilmoqda.