Fargʻona viloyatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari koʻrsatib oʻtildi

    Hukumat 5 Fevral 2021 6494

    Xalq deputatlari Fargʻona viloyati kengashining sessiyasida aholini ish bilan taʼminlash va turmush sharoitlarini yaxshilash vazifalari belgilandi.

    Shahar va tumanlarni mahallabay tizimda rivojlantirish maqsadida viloyatdagi 76 ta sektorning har birida iqtisodiy kompleksning malakali xodimlaridan iborat boshqaruv ofislari tashkil etilishi aytildi. Bu mutaxassislar mahallaga biriktirilgan bank xodimlari bilan birga, joylardagi sharoitni oʻrganib, loyihalarni shakllantiradi va amalga oshirishga koʻmaklashadi. Zarur boʻlsa, ishsiz aholi, yoshlar va ayollar kasb-hunarga oʻrgatiladi.

    Fargʻona viloyatida 2021-2022-yillarda umumiy qiymati 17 trillion soʻmlik 949 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi taʼkidlandi. Bunda kimyo, toʻqimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektrotexnika sanoati “drayver” boʻladi.

    Xususan, “Fargʻona azot” aksiyadorlik jamiyatida jami 537 million dollarlik 3 ta loyiha, toʻqimachilikda 154 million dollarlik 14 ta loyiha amalga oshiriladi.

    Viloyatda yer resursi cheklangani sababli choʻl joylar, yaylov va adirliklarda 33 ming gektar yer oʻzlashtiriladi. Bunga sarflanadigan 350 milliard soʻmlik xarajatlarning 110 milliard soʻmi subsidiya hisobidan qoplab beriladi.

    Ijtimoiy sohalarni, infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi. Joriy yilda viloyatning 11 ta joyida 105 ta koʻp qavatli uylar barpo etilishi taʼkidlandi. 312 milliard soʻm markazlashgan mablagʻlar hisobidan 503 kilometr yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha vazifa qoʻyildi.

    Yangi tashkil etilgan Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti salohiyatidan samarali foydalangan holda, maqsadli tibbiy koʻrik va konsultatsiyalar oʻtkazish, birlamchi tibbiyot boʻgʻinini rivojlantirish uchun 16 ta oilaviy shifokorlik punkti va oilaviy poliklinika tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Prezident yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

    Joriy yilda Fargʻona viloyatidagi 19 ta tuman va shaharlarda bittadan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilishi, “Yoshlar: 1+1” loyihasi doirasida 8 mingdan ziyod ishsizlar tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻqitilishi belgilandi. Xotin-qizlarning oʻz ishini ochishiga koʻmaklashish, muhtojlarning uy sotib olishi uchun boshlangʻich badal pullarini toʻlab berish, ajralishlarning oldini olish muhimligi taʼkidlandi.