Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida KNAUFning yangi zavodi foydalanishga topshirildi

    Dunyodagi yirik gips asosidagi qurilish materillari ishlab chiqaruvchi yangi tarmoq Fargʻona iqtisodiyotida yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.

    Zamonaviy korxona nemis texnologiya va yuqori ekologik standartlarga muvofiq har yili aʼlo sifatli 17 million kvadrat metr gips qurilish plitalari va 40 ming tonna quruq qurilish aralashmalari ishlab chiqaradi.

    Mahsulotning asosiy qismi mahalliy xomashyolardan tayyorlanadi. Masalan, ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan birlamchi gips toshi mahalliy konlardan olinadi. Ayni kunda bu yoʻnalishda 20 ortiq pudratchi tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Bu mahsulot sifatini oshirish bilan birga, tannarxini kamaytirish imkoniyatini bermoqda.

    Yangi korxona qurlishi uchun 18 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etildi, 80 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Kompaniya, nafaqat mahsulot ishlab chiqarish, balki malakali qadrlar tayyorlash, zamonaviy oʻquv vositalari bilan taʼminlash ishlarida ham koʻmaklashadi.

    — Biz Oʻzbekistoning jadal rivojlanayotganligini xayrat bilan kuzatyapmiz, — deydi KNAUF guruhining boshqaruvchi hamkori Uve Knoster. — Ayniqsa, ishlab chiqaruvchilar va investorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar soha rivojiga xizmat qilmoqda. Bularning barchasi bizga mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va aholisi farovonligining oʻsishiga boʻlgan ishonchni oshirmoqda. Fargʻona vodiysida yagona boʻlgan ishlab chiqarish korxonasi mahalliy va xalqaro bozorni xaridorgir boʻlgan yuqori sifatli mahsulot bilan taʼminlaydi.

    Ishlab chiqarish majmuasining ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston – Germaniya ishbilarmonlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar istiqbollari xususida fikr almashishdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Oripov, Germaniyaning Oʻzbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi Tilo Klinner, Fargʻona viloyati hokimi X.Bozorov ishtirok etdi.

    Rasuljon KAMOLOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.