Fargʻona vodiysi isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyati qoʻshimcha 250 mva quvvatga oshirildi

    Energetika 20 Oktabr 2020 2676

    Fargʻona viloyatidagi “Oʻzgarish” podstansiyasiga qoʻshimcha yuqori quvvatli avtotransformator oʻrnatish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.

    “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Fargʻona magistral elektr tarmoqlari” filiali 220–500 kVli 7 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalar hamda umumiy uzunligi 601 122 kilometr boʻlgan 220–500 kVli havo liniyalariga xizmat koʻrsatadi.

    Bu Fargʻona vodiysi aholisi, ijtimoiy soha obyektlari, shu bilan birga oʻrta va kichik biznes vakillari hamda yirik sanoat korxonalarini elektr energiyasi bilan taʼminlashning ishonchliligini kafolatlash borasida muhim oʻrin egallaydi.

    Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanidagi “Tovush” MFY, Yangi hayot qishlogʻi manzilida joylashgan 220/110/10 kVli “Oʻzgarish” podstansiyasida “Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasi doirasida quvvati 250 000 kVAli yangi hamda zamonaviy avtotransformatorini 220 kV, 110 kV hamda 10 kV kuchlanishga ega boʻlgan yacheykalari bilan birga yangidan qurish hisobiga AT-3 — qoʻshimcha yuqori quvvatli avtotransformatorni oʻrnatish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.

    17-oktyabrda qurilish-montaj va sozlash ishlari toʻliq yakunlanib, muhandislik talablariga muvofiq tasdiqlangan ishga qoʻyish dasturiga muvofiq, avtotransformator 72 soat davom etadigan sinov rejimi asosida ishga qoʻyildi. Bajarilgan ishlarning yakuniga koʻra 220/110/10 kVli “Oʻzgarish” podstansiyasida elektr energiyasi quvvatini oʻtkazish imkoniyati qoʻshimcha 250 MVA hisobiga ortdi.

    Maʼlumot oʻrnida, “Oʻzgarish” podstansiyasi orqali Qoʻqon shahri va Qoʻqon erkin iqtisodiy zonasi, shuningdek, viloyatning Beshariq, Oʻzbekiston, Furqat, Dangʻara, Buvayda, Uchkoʻprik, Bagʻdod, Rishton va Soʻx tumanlarida joylashgan isteʼmolchilar uchun elektr energiyasi yetkazib beriladi.

    Energetika vazirligi matbuot xizmati.